Fransiyaning bir qator shaharlarida yoqilg‘i narxlarining oshirilganligiga qarshi yana keng ko‘lamli norozilik aksiyalari boshlandi. Bu haqda 19-noyabr, dushanba kuni Le Figaro gazetasi xabar berdi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Namoyishchilar yorug‘lik qaytaruvchi jiletlar kiyganligi uchun “sariq jiletlar” nomini olgan aksiya ishtirokchilari avtomobillari bilan yo‘lning o‘tish qismini yopib qo‘ymoqda.
Jumladan, 19-noyabr kuni tongda shu kabi aksiyalar Bordo, Tuluza va Lion kabi yirik shaharlarda qayd etilgan.
Roandagi aksiya tashkilotchilaridan biri namoyishlar ishtirokchilari vaziyatni tartibga solish uchun hukumat xatti-harakatini kutayotganligini ma’lum qilgan.
“ ‘Sariq jiletlar’ bilan hukumat o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish lozim. Prezident Makron bizni eshitishini so‘raymiz. Chunki biz ko‘pchilikmiz va aholining turli qatlamlaridanmiz. Bizni Yelisey saroyida qabul qilishini so‘raymiz”, — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada 300 mingga yaqin odam ishtirok etgan ommaviy namoyishlar 17-noyabr kuni boshlangan edi.
Izoh (0)