O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi yil oxiriga qadar barcha maktablar o‘quvchilarni tashish uchun avtobuslar bilan ta’minlanishi haqidagi xabarlarni rad etdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
XTV bayonotida 2-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda 1-yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish vazifasi qo‘yilganini eslatib o‘tdi.
“Asosiy maktab tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lmagan joylarda esa, o‘quvchilarning asosiy maktabga borishlari uchun avtobus xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi masalasini o‘rganib chiqish kerakligi ta’kidlandi. Bu tashabbus qishloq bolalarini ham yaxshi sharoitlarda o‘qishini ta’minlash o‘quvchilar uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan”, — deyiladi bayonotda.
Ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi tizimida 9 600 dan ziyodroq maktab borligi, ikki oy ichida barcha maktablarni avtobuslar bilan ta’minlash imkonsiz ekani aytib o‘tildi.
“Shuning uchun bu masala, birinchi navbatda, eng zarur bo‘lgan uzoq joylardagi maktablar uchun ko‘zda tutiladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktab avtobuslarini sotib olish loyihasi ishlab chiqarilgani haqida xabar qilingan edi, biroq uning amalga oshirilishi muddatlari to‘g‘risida hozircha ma’lum qilingani yo‘q.
Izoh (0)