Ichki ishlar vazirligiga BMT Aksilterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mehmonlarni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor Davron Nazarmuhamedov qabul qildi. Uchrashuvda IIV, DXX va TIV mas’ul xodimlari ham ishtirok etdi.
Suhbat davomida qayd etilganidek, tomonlar o‘rtasidagi ushbu muloqot joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi muhokamalarning mantiqiy davomi.
O‘z navbatida, V. Voronkov samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirib, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyoda ham ulkan ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi. Mehmonlar o‘n yillar davomida qurolli to‘qnashuvlar davom etib kelayotgan qo‘shni Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasining tashabbusiga alohida urg‘u berdi.
Suhbat jarayonida terroristik tashkilotlar a’zolari tomonidan yoshlarni o‘z saflariga yollashga urinish holatlariga qarshi kurash, kiberterrorizm, noqonuniy migratsiya va aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni amalga oshirish kabi masalalar muhokama etildi. Shuningdek, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Izoh (0)