Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 22-oktabr kuni Avstriya amaliy fanlar universiteti (IMC University Krems) bilan hamkorlikda tashkil etilgan mamlakatdagi birinchi O‘zbekiston—Avstriya qo‘shma fakulteti ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Marosimda ishtirok etish uchun Toshkentga universitet bosh ijrochi direktori professor Karl Ennsfellner boshchiligidagi delegatsiya yetib keldi.
Qo‘shma fakultet 2019-yildan “eksport menejmenti” hamda “turizm boshqaruvi va mehmonxona ishlari” yo‘nalishlari bo‘yicha 100 nafar bakalavrni tayyorlashni boshlaydi.
Ta’lim ingliz tilida olib boriladi va bitiruvchilarga birdaniga ikkita — TDIU va IMC University Krems diplomi beriladi.
IMC University Krems 1994-yilda xususiy Xalqaro biznes maktabi sifatida tashkil etilgan. 2002-yil aprelida Avstriya hukumati muassasa maqomini oshirib, uni Avstriya amaliy fanlar universiteti deb nomladi.
Bugungi kunda IMC University Krems ta’lim jarayoni va ingliz tilida o‘tilayotgan fanlar soni ko‘pligi bilan talabalarni qanoatlantiruvchi Avstriyada birinchi o‘rinda turuvchi universitet hisoblanadi. Ta’lim yakuniga yetganidan so‘ng ishga joylashish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil etadi.
Izoh (0)