Joriy yilning 19-oktabr kuni Davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda sud ijro hujjatlari asosida soliq qarzini qisqartirish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Unda Davlat soliq qo‘mitasining ma’muriy binosidagi markaziy studiyasida qo‘mitaning tarkibiy tuzilmalari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati, hududlardagi studiyalarda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tuman (shahar) Majburiy ijro byurosi boshqarmalari boshliqlari, davlat ijrochilari, viloyat davlat soliq boshqarmalari va inspeksiya xodimlaridan iborat 1300 dan ziyod mas’ul mutaxassis ishtirok etdi.
Hozirda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Davlat soliq qo‘mitasining 2018-yil 18-maydagi hamkorlikdagi qo‘shma buyrug‘i asosida qarzdorlarning mol-mulklarini xatlash va soliq qarzini undirish tadbirlariga 1 121 nafar xodim jalb etilgan.
Buning natijasida joriy yilning 9 oyi davomida 2,0 trillion so‘m soliq qarziga ega 41,6 mingta obyektda xatlov tadbiri o‘tkazilib, 195,8 mingta holatda 1 trillion 583,7 milliard so‘m mablag‘ undirildi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga (54,7 mingta holatda 454,3 milliard so‘m edi) nisbatan 141,1 mingta holatda 1 trillion 129,5 milliard so‘mga ko‘p mablag‘ undirilganidan dalolatdir.
Shu bilan birga, 20,2 mingta qarzdorning 458,9 milliard so‘m qiymatidagi mol-mulklari, shundan 1 450 ta bino va inshoot, 1 819 ta transport vositasi va 16 966 ta boshqa turdagi mulklar xatlandi.
Videoselektor yig‘ilishida hamkorlikdagi ishlarni tashkil etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan va ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Toshkent, Qashqadaryo, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari boshqarmalari va tuman davlat soliq inspeksiyalari rahbarlariga nisbatan keskin e’tirozlar bildirilib, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Izoh (0)