Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston yosh tomoshabinlar teatrida adibning “Asrga tatigulik kun”, “Chingizxonning oq buluti” nomli asarlari asosida “Iskanja” spektakli sahnalashtirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Sahna asarida mehr-oqibat, odamlar o‘rtasidagi munosabat, yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alaba qilishi mahorat bilan ochib berilgan.
Taniqli rejissor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdurahmon Abdunazarov tomonidan sahnalashtirilgan ushbu spektakl muallifi yozuvchi va tarjimon Alpisbay Sultonovdir.
Muallifning ta’kidlashicha, asar bundan 10 yil avval, ya’ni 2008-yilda Qirg‘izistonda e’lon qilingan “Chingiz Aytmatov yili”da yozilgan. Oradan o‘n yil o‘tib bu asar namoyish etilmoqda.
Ayni paytda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqiy teatrida rejissor Muxtar Reymov tomonidan sahnalashtirilayotgan Chingiz Aytmatovning yana bir asari “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar” qissasi asosida “Luvr o‘rdak” spektakli premyerasiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Izoh (0)