Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Jurnalist Mirolim Isajonov Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi imkoniyati cheklangan fuqarolardan biri Farhodbek Bahodirov xonadoniga tashrif buyurib, uning bugungi ahvoli, oilaviy sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Umr deb atalmish ulkan qoyaning endigina yigirmanchi dovonini oshib o‘tayotgan Farhodbek Bahodirov Shahrixon tumanining Hamdo‘stlik qishlog‘idagi Nayman mahallasida istiqomat qiladi. U yashayotgan xonadonga tashrif buyurar ekanmiz, Farhodbek garchi gapirishga qiynalsa-da, bizga kulib qaragani kayfiyati chog‘ ekanligidan ishora berardi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Xonadon bekasi Nilufar opa Chinberdiyevaning aytishicha, Farhodbek oilada to‘ng‘ich farzand. Ukasi va singlisi bor. Onasi unga homiladorlik davrida grippga yo‘liqib, bir necha oy ushbu xastalik bilan kurashgan. O‘sha paytda hali dunyoga kelmagan zurriyodga ham volidaning hastaligi o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

“U tug‘ilganida bosh qismi katta bo‘lib, juda ko‘p yig‘lardi. Shifokorlarga ko‘rsatsak, aksariyat chaqaloqlarda kuzatiladigan holatligini ta’kidlashgan. Shu tariqa maktabga kirgunga qadar bamaylixotir yuraverdik. Orada o‘zidan-o‘zi kutilmaganda yig‘lab, boshini duch kelgan narsaga uraverardi. Yetti yoshida bir nechta shifo maskanlariga olib bordik. Ular qandsiz diabet tashxisini qo‘yishdi. So‘ng uydagi barcha tuyoqlarni sotib, o‘g‘limni davolatishga kirishdik. Uning ahvoli yaxshilangach, maktabga bormay, ta’limni uy sinfida ola boshladi. To‘qqizinchi sinfgacha o‘qituvchilari kelib, darslar o‘tib ketishdi. Maktabni bitirishi arafasida boshining old qismini operatsiya qildirdik. Sababi boshida loyqa suyuqliklar to‘planib qolgan ekan. 5-sinfgacha bir joyda o‘tirsa ham mustaqil yumushlar bajarib, hatto ovqatlar ham qilaverardi. O‘zimiz uni ayab, vaqtida e’tibor bermaganligimiz tufayli kasalligi jiddiylashdi, bir joyda yotadigan bo‘lib qoldi”, — deydi Nilufar opa ko‘zlari namlanib.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

O‘g‘lingizni nogironlik aravachasiga o‘tqazib, ko‘cha-ko‘yda aylantirganlaringizda, balki u bir joyli bo‘lib qolmasmidi?

— Ochig‘i, aravacha so‘rab, qaysi davlat tashkilotiga borishni umuman bilmasdik. Lekin uyimizga “Qanday kamchiliklaringiz bor? Nima yordam kerak?”, deya kim kirib kelsa, barchasiga nogironlik aravachasi zarurligini ta’kidlashdan zerikmasdik. Ular ham qo‘lidagi daftariga yozib ketishardi-yu, ammo natija sira bo‘lmasdi. Hatto turmush o‘rtog‘im tuman Xalq qabulxonasiga borib, shu masalada yordam berishlarini aytdi. U yerdan ham bir sado chiqmadi. Biror qarindoshimiznikiga borgudek bo‘lsak, ukasi yoki dadasi yelkasiga opichlab olib, borib kelardi. Qiynalganimizni ko‘rgan onam yaqinda Haj ziyoratidan o‘zi bilan olib kelgan aravachani berdi. “Shuncha yil aravacha olish nasib etmagan, bundan buyog‘i ham ololmaysan, qizim. Mana bu aravachani nevaramga niyat qilib obkeldim”, — deya sovg‘a qildi. O‘n yildan ziyod vaqt davomida to‘rt devorni borliq deb o‘ylab, yashagan Farhodbekni har kuni yarim soatdan tashqariga olib chiqyapmiz. Uning sevinganini ko‘rsangiz edi (yig‘laydi).

Nogironlik pensiyasi ham olib turadimi?

- Ha, I guruh nogironlik pensiyasini oladi. Ammo u ham o‘zining dori-darmoni, yemishiga bazo‘r yetadi. Har ikki yilda bir kommissiya ko‘rigidan o‘tib turardik. O‘tgan hafta yana shu ahvolida mashinada tuman markaziga ikki martadan olib, borib keldim. Shifokorlarga holatini aytib, qiynab qo‘ymaylik desam, bunga ko‘nishmadi, huzurlariga olib borishligim qat’iyligini aytishdi. Bir necha kun sarson-sargardonlikda yurdim. Oxiri pensiya jamg‘armasi xodimlari va vrachlarga qattiq iltimos qilib, pensiya pulini muntazam olishiga yordam berishlarini so‘radim. Ular ahvolimga achindimi, “Endi komissiya ko‘rigiga kelmay qo‘yaverasiz”, deyishdi. Shunga ham juda quvondim.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Yoshlar ittifoqi, Nogironlar jamiyati kabi tashkilotlar turli bayramlarda yo‘qlab, Farhodbekka sovg‘a-salomlar ulashib ham turishadimi?

— Sizga yolg‘on menga chin, shu paytga qadar siz nomini aytib o‘tgan tashkilotlardan biror kimsa quruq qo‘l bilan bo‘lsa-da, eshik qoqib kelgan emas. Har yili nogironlar kunida televizorda turli tuman va viloyatlardagi imkoniyati cheklanganlarga sovg‘alar ulashganini ko‘rsak, Farhodbekni ham yo‘qlasharmikin?, degan o‘y o‘tadi hayolimizdan. Mahalla raisi va faollari Navro‘z va boshqa ayyomlarda ba’zan bo‘lsa ham ul-bul ko‘tarib kelib, o‘g‘lim bilan suhbatlashib, xursand qilib ketishadi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Ochig‘i, Nilufar opa bilan suhbatlashib bo‘lgach, o‘g‘liga bizni tanishtirdi. Qarshimizdagi yigit kulib boqar, ammo nimadir deyishga intilsa-da, bo‘g‘zidagi fikrlarini tashqariga chiqara olmasdi. Oxirgi yillarda shunday holat kuzatilayotganligini yaqinlari achinib gapirishdi. Bu xonadon egasi Xursandbek aka tayinli biror joyda ishlamaydi. Qishloqdoshlaridan kimdir ishga aytsa, usta sifatida ishlab, pul topadi.

Har kuni amalga oshirayotgan loyihalari-yu tadbirlarini maqtashga, “ura-ura”-yu qarsakbozlik doirasidan chiqa olmayotgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi vakillaridan biror vakil tengdoshi holidan xabar olmasligi bizni yanada hayratga soldi. Nahotki, ushbu tashkilot Farhodbekni esidan chiqargan bo‘lsa? Nahotki, tuman hokimligi, Nogironlar jamiyati tuman bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari har yili an’anaviy o‘tkaziladigan 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni bayramida chekka qishloq farzandini eslab, uni ham taklif qilishmasa yoki uyiga borib, sovg‘alar tuhfa etishmasa? Qachon bu ikkala tashkilot vakillari ko‘zlarini kattaroq ochib, e’tibordan chetda qolgan imkoniyati cheklangan bunday yoshlarga nazar qaratishadi? Nogironlik aravachasiga muxtojligini bila turib, bu borada ko‘mak berishga bel bog‘lamagan mahalla faollarining xatti-harakatini qanday izohlash mumkin?

O‘ylaymizki, mutasaddilar ushbu savollarimiz ustida jiddiyroq bosh qotirib, jo‘yali javob berishadi va amaliy yordam qo‘lini cho‘zishadi. Biz bu mavzuga yana qaytamiz!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Aholining valyuta ayirboshlashga yoʻnaltirgan pul mablagʻlari hajmi 68 foizga oʻsdi — Markaziy bank
Mahalliy
Samarqandda 2 kishi ovqatdan zaharlanib vafot etdi
Mahalliy
Toshkentda avtobusning yurgan masofasiga qarab to‘lov qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi