25-sentabr kuni turk hamkasblarining taklifi bilan O‘zbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasi O‘zbekiston va Turkiya ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhining birinchi majlisini o‘tkazish uchun Turkiyaning Anqara shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati “Daryo” ga ma’lum qildi.
26-sentabr kuni Anqara shahrida yuqorida nomi tilga olingan ishchi guruhning ilk majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida ichki ishlar vazirliklarining vakillari — O‘zbekiston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari D.Nazarmuhammedov va Turkiya ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Muhterem Inju terrorizmga qarshi kurashish, noqonuniy migratsiya va odam savdosi, uyushgan jinoyatchilik va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha tomonlar faoliyatining hozirgi holati va kelajakdagi istiqbollarini muhokama qildi.
Majlis yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida 2018—2019-yillardagi hamkorlik to‘g‘risida Bayonnoma imzolandi.
U hamkorlikni yanada yaxshilash, ish tajribasini almashish va terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, noqonuniy migratsiya va qurol aylanmasi, uyushgan jinoyatchilik, iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek qidiruv ishlarini amalga oshirish sohalarida o‘zaro hamkorlikning amaliy masalalarini ko‘zda tutadi.
Izoh (0)