Jizzax shahrida O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining OPEN AIR. Silk road simfony konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrining 88-mavsumi boshlanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sothis aegis va “Amirsoy” kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilgan loyihadan ko‘zlangan maqsad odamlarni yuksak musiqa san’ati nafosatidan bahramand etishdir.
“Yoshlar shaharchasi”da ochiq osmon ostida milliy va jahon musiqa san’atining noyob durdonalari yangragan konsertda bu maqsadga erishildi.
Konsertda Shtraus va Chaykovskiy kabi jahon mumtoz musiqa san’ati vakillarining durdona asarlaridan tortib, Andrea Bochelli, Nino Rota kabi zamonaviy kompozitorlar yaratgan simfoniyalar, valslar tomoshabinlar qalbini rom etdi. Teatrning yetakchi solistlari tomonidan “Dilorom”, “Maysaraning ishi” kabi milliy opera san’atidan ijro etilgan ariyalar hech bir tomoshabinni befarq qoldirmadi.
Izoh (0)