O‘zbekistondagi mavjud kinoprokat tizimida ko‘p yillik an’analarni yo‘qqa chiqargan yangilik sodir bo‘ldi. Ya’ni, bundan buyon kinostudiyalarning mamlakatdagi davlat tasarrufida bo‘lgan mavjud kinoteatrlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari tugatildi, deb yozadi O‘zA.
Prezidentning joriy yil 24-iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 6-apreldagi “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zbekkino” milliy agentligi tizimda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Ulardan eng asosiysi, Respublika kinoprokat markazi va ularning respublikaning barcha hududlaridagi filiallari tashkil etilishi bo‘ldi.
“O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirovning “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra, bundan buyon Agentlik tizimidagi barcha kinoteatrlarni milliy va xorijiy filmlar bilan ta’minlash markazlashgan holda Respublika kinoprokat markazi tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Kinoprokat tizimiga kiruvchi barcha kinoteatrlarda filmlar namoyishini tashkil etish xususiy kino ishlab chiqaruvchilar – studiyalar va distribyuterlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida Respublika kinoprokat markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Endilikda Agentlik tizimidagi va boshqa kinoteatrlarda Respublika kinoprokat markazi bilan prokat shartnomalari tuzilmagan va repertuar rejaga kiritilmagan filmlar namoyishini amalga oshirish mumkin emas. Agentlik tizimidagi poytaxtda joylashgan Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyga, Samarqanddagi Sharq yulduzi kinoteatriga hamda Farg‘ona shahridagi Alisher Navoiy nomli kinoteatrga qarashli bo‘lgan barcha kinoafisha stendlari yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlash uchun operativ boshqaruv asosida Respublika kinoprokat markazi ixtiyoriga o‘tkazib beriladi va ular zamonaviy elektron stendlarga bosqichma-bosqich almashtiriladi. Shu bilan birga, shaffoflikni ta’minlash maqsadida kinoteatrlar optik tolali aloqa liniyasi orqali kinoprokat elektron tarmog‘iga ulanadi va ularda elektron kinochiptalarni yuritish avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilinadi.
Izoh (0)