Toshkent shahar hokimligida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 40-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzildi, deb yozadi O‘zA.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, sessiyada xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan “Toshkent shahri Mirobod tumanidagi Yakkachinor ko‘chasiga yangi nom berish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Endilikda ushbu ko‘cha buyuk belorus shoiri Yakub Kolas nomi bilan ataladigan bo‘ldi.
Sessiya ishida Hindiston—O‘zbekiston davlatlarining o‘zaro hamdo‘stligini mustahkamlash, Toshkent shahri aholisi va ma’muriyati oldidagi siyosat, fan, madaniyat, sport, yoshlarni tarbiyalash va rivojlantirish, Toshkent va Dehli shaharlari do‘stligini rivojlantirish borasida yuksak xizmatlarini inobatga olib, Hindiston—O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi Anil Kumar Shastriga “Toshkent shahar Faxriy fuqarosi” unvonini berish to‘g‘risidagi qaror tasdiqlandi.
Shu bilan birga, ayrim deputatlarning vakolatlari muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan bo‘shab qolgan saylov okruglar uchun deputatlar saylovi 2018-yil 14-oktabr, yakshanba kuni qilib belgilandi.
Izoh (0)