“Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovi badiiy rahbari Olimjon Xudoynazarov “Daryo” internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad uyushtirdi.
Olimjon Xudoynazarov intervyu davomida “Dizayn” jamoasining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bachkana audio hazillari va jamoaning litsenziyasi bekor qilinganligiga munosabat bildirdi.
To‘g‘risini aytsam men o‘sha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioni shaxsan eshitmadim, lekin nima voqea yuz bergan, qanaqa hazil ketib qolganligi ta’rifini eshitdim. Men ularni bu hazilni gapirgani uchun oqlamayman. Har bitta narsada me’yor bo‘lishi kerak. Biroq qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘sha davrada o‘tirganlar, hazillarni eshitganlar qiyqirib, mazza qilib kulgan bo‘lsa kerak. Buni keyin qanday vijdon bilan tarqatib yuborish mumkin bilmadim. Qaytarib aytaman “Dizayn” jamoasi qo‘ygan hazillar to‘g‘ri qo‘yilgan degan fikrdan yiroqman, ular me’yordan chiqishgan, gapiriladigan va gapirilmaydigan gap bor.San’atda shunaqaki, agar xalq olqishlab tursa, unga yanada ko‘proq narsani bergingiz keladi. “Dizayn” jamoasining vakillari Dilshod, Sa’dulla, Qobillarning o‘zlariga ham “oshirib yuboryapsizlar, kosaning tagidagi nimkosani ochib qo‘yayapsizlar” deganman. Asli bunday olib qarasangiz askiyaning tagidagi asosiy urg‘u ham o‘sha mavzu, ammo shu paytgacha nima uchun askiya qadrlanib keladi, chunki hazilni qanday taqdim qilishga bog‘liq, qanaqangi o‘rab berishga bog‘liq, askiyada kosaning tagidagi nimkosa hech qachon ochib ko‘rsatilmaydi. “Dizayn” jamoasining ba’zi chiqishlarida nimkosagacha ochib ko‘rsatilgani uchun ham muxlislar “bachkana qildi, qo‘pollashdi” deyishadi, bu bor gap.
Tanganing ikkinchi tomoni shundaki, nimaga unda “Dizayn” jamoasi bir haftalik konsertini e’lon qilishi bilan, konsert biletlari 10-15 kun ichida tezda sotilib ketadi, demak talab bor. Lekin san’atkor ming talab bo‘lganda ham, me’yor degan narsani, uni kim eshitayotganini ham hisobga olishi kerak. Shuning uchun men “Dizayn” jamoasini oqlamoqchi ham, qoralamoqchi ham emasman. Menimcha yigitlar qilgan xatolarini tushunishdi.
Olimjon Xudoynazarov, “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovi badiiy rahbari