Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Samarqand viloyatidagi Darg‘om kanalidan erkak kishining jasadi topildi. Fuqaroning suvda cho‘kib o‘lmagani yoki baxtsiz hodisa qurboni bo‘lmagani uning tanasidagi jarohat izlaridan ma’lum edi. Bu haqda “Zarafshon” xabar bermoqda.

Foto: “Zarafshon”

Foto: “Zarafshon”

Huquq-tartibot idoralarining kuch va vositalari ushbu jinoyatni ochishga safarbar etildi. Xodimlar marhumning shaxsini aniqlash, so‘ngr uning o‘limi sabablarini surishtirishga kirishdi. Ushbu jarayon davom etayotgan paytda Samarqand shahrida egasiz qoldirib ketilgan avtomashina topildi. Bu mudhish jinoyat kalavasining uchini topishga yordam berdi. Nexia Urgut tumanida yashovchi fuqaroga tegishli ekani va u aynan Darg‘om kanalidan topilgan marhum ekani ma’lum bo‘ldi.

Tezkor qidiruv va surishtiruv ishlaridan jinoyat tafsilotlari va bu mudhish qotillikka qo‘l urgan shaxslar aniqlandi. Voqea mashina topilgan Samarqand shahrida emas, Urgut tumanining Taroqli mahallasida sodir bo‘lgan ekan.

Taroqli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.Olimov (ism-shariflar shartli) shu mahallada yashovchi R.Do‘lanovadan 2015-yilda 1 000 dollar miqdorida qarz oladi. Ammo qarzni vaqtida qaytara olmaydi. Kunlarning birida R.Do‘lanova mahalla raisiga qo‘ng‘iroq qilib, fuqaro B.Berdiyev uni doimiy ravishda haqoratlab, xo‘rlab kelayotganini aytadi. Shundan so‘ng ikkovlon B.Berdiyevdan o‘ch olishni rejalashtiradi va bu ish amalga oshsa, R.Do‘lanova mahalla raisining qarzidan voz kechishini bildiradi.

Ushbu shart A.Olimovga ham ma’qul tushadi va u R.Do‘lanovaning xonadonida B.Berdiyevning mastligidan foydalanib, uning boshiga bolta bilan urib, o‘ldiradi. Jinoiy sheriklar jinoyat izini yashirish va muqarrar jazodan qutulib qolish maqsadida B.Berdiyevning jasadini ko‘rpacha va gilamga o‘ragan holda marhumga tegishli bo‘lgan Nexia yukxonasiga ortadi. So‘ngra jasadni Toyloq tumanining Davlatobod qishlog‘idan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanaliga tashlab yuborishadi. Ertasi kuni esa mashinani Samarqand shahriga olib borib, o‘sha yerda qoldirib kelishadi.

2017-yilning iyul oyi boshlarida sodir bo‘lgan mazkur jinoyat uning ijrochilari o‘ylaganidek izsiz ketmadi. Qisqa fursatlarda fosh etilib, qotillikka qo‘l urgan shaxslar qo‘lga olindi va sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi. Ayni paytda ular jazoni o‘tamoqda. Lekin Taroqlida ro‘y bergan mudhish qotillikni kishilar hali unutgani yo‘q.

Shu yil 27-iyulida Prezident raisligida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining mas’uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham Taroqlida ro‘y bergan jinoyat tilga olinib, mahalla raisining bunday ishga bosh qo‘shgani keskin tanqid qilindi.

Xo‘sh, bu voqeadan keyin mahallada qanday profilaktik ishlar amalga oshirildi. Odamlarning munosabati, fikri qanday?

— Bu jinoyat nafaqat ushbu mahalla, balki butun Urgut tumani ahli sha’niga isnod bo‘ldi, — deydi Urgut tuman fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari A.To‘rayev. — Bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida tumandagi 102 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda aholi o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar belgiladik.

Bugungi kunda tumandagi barcha mahallalarda “Jamoatchilik nazorat maskani” tashkil etilgan. Tungi navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan. Tuman bo‘yicha profilaktika inspektorlari 66 nafardan 74 nafarga ko‘paytirilib, ularning samarali ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtomashina va xizmat uyi bilan ta’minlangan. Aholi va keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik natijasida joriy yilning birinchi yarmida tumandagi 52 mahallada jinoyat sodir etilmadi.

— Mahallamizda 612 xonadon bo‘lib, 3 ming 412 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi Urgut tumanidagi Taroqli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi H.Qurbonov. — Aholining asosiy daromad manbai tomorqa xo‘jaligi. Jami 64 gektar tomorqa yerlarimiz bor. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar ham ko‘pchilik. Demoqchimanki, har bir oila o‘z aravasini o‘zi tortishga harakat qiladi. Boqimandalik kayfiyatidagi kishilar yo‘q hisobi. Lekin 5 ta notinch oilamizda sog‘lom muhit yaratish uchun barchamiz birgalikda harakat qilyapmiz. 16 ta ko‘chaboshi, mahalla faollari bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib boryapmiz.

— 2017-yil noyabr oyidan buyon Taroqli va Sovg‘on mahallalarida xizmat faoliyatimni olib boryapman, — deydi hudud profilaktika inspektori H.Rahimov. — Davlat e’tibori tufayli shu yerda xizmat uyi qurib berilgan, imtiyozli kredit asosida shaxsiy mashina olganman. Aholi bilan hamjihatlikda ishlab, o‘tgan yilgi kabi mudhish jinoyatlar kelib chiqishining oldini olishga e’tibor qaratganmiz. Mahallaga qo‘shni O‘krach mahallasidan kirib kelish va Sovg‘on mahallasiga chiqishda “Jamoatchilik nazorat maskani” tashkil etilgan, tunu kun navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Saudiyalik tadbirkor O‘zbekistonda avtomashina ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga sarmoya kiritadi 
Mahalliy
1000 dollar oylik olayotgan oʻqituvchilar, 1 mln nafardan oshgan talabalar, yangi qurilgan 27 ta TTJ — oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Komiljon Karimov bilan ekskly...
Mahalliy
Toshkentda 3 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi