27-iyuldan 28-iyulga o‘tar kechasi Oyning to‘liq tutilishi kuzatiladi. Bu safar hodisani O‘zbekistonning barcha hududida kuzatish mumkin. Bu haqda Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari nomzodi Yusuf Tillayev ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Uning so‘zlariga qaraganda, Oy tutilishi butun O‘zbekiston hududida bir vaqtda — 23:24 da boshlanadi, bunda Yer soyasi Oy diskini sekin-asta to‘sa boshlaydi. Bir soatdan keyin, ya’ni 28-iyul soat 00:29 da Oy sirti soya bilan batamom qoplanadi, tutilishning to‘la fazasi boshlanadi.
Quyosh tutilganida u qisman yoki to‘liq ko‘rinmay qoladi. Oy tutilishida esa Oy butun tutilish davomida ko‘rinib turadi. Faqat u soya ichida harakatlana boshlaganda u qizg‘ish-jigarrang tusda ko‘rinadi.
To‘la tutilish fazasining davomiyligi 1 soat 43 minutni tashkil qiladi, ya’ni Oy 103 minut davomida soyada bo‘ladi. U soat 2:14 da soyadan chiqa boshlaydi, soat 3:20 da esa butunlay soyadan xoli bo‘ladi. Tutilishning umumiy davomiyligi esa salkam 4 soatni tashkil etadi.
Tutilishni oddiy ko‘z bilan ham kuzatish mumkin. Oxirgi marta Oyning to‘la tutilishi O‘zbekistonda shu yilning 31-yanvar kuni kuzatilgan edi.
Xuddi shu kuni yana bir ajoyib astronomik hodisa — Marsning buyuk ro‘para turishi ro‘y beradi. Oyning yonginasida, 6 gradus janubroqda yorug‘ qizg‘ish “yulduz”ni ko‘rish mumkin, bu Mars sayyorasidir. U kun sayin Yerga yaqinlashib kelmoqda, 27-iyulda Mars eng qisqa masofa — 57,7 million kilometrgacha yaqinlashadi.
“Ro‘para turish” deb Mars “Yer—Quyosh” chizig‘ining davomida Yer orbitasiga eng yaqin turgan holatiga aytiladi. Yer va Marsning yaqinlashishi har ikki yilda sodir bo‘ladi va bu holatda Mars butun tun davomida ko‘rinib turadi. Olimning ta’kidlashicha, hatto shunday yaqin masofadan ham Marsni yulduzdan farqlash ancha qiyin. 50 marta kattalashtirishga ega teleskop yordamida uning faqat diskini ko‘rish mumkin.
Izoh (0)