Joriy yil 19-may kuni Surxondaryo viloyatida kuchli yomg‘ir yog‘di, ayniqsa, Boysunda. Oqibatda tumanning Mustaqillik mahallasida bunyod etilgan namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar turli darajada talafot ko‘rdi, deb yozadi O‘zA.
“Boysun tog‘li joy bo‘lgani bois bahorda ham, yozda ham kutilmaganda osmonda bulut paydo bo‘lib, sharros yomg‘ir yo do‘l yog‘ishi hech gap emas, — deydi mazkur mahallada yashovchi Fayzulla Normamatov. — Osmonga bulut chiqsa, bolalarimiz bilan yuragimizni hovuchlab o‘tiradigan bo‘lib qolganmiz. Ishqilib, uyimiz yonidan o‘tadigan sel o‘zanidan toshib ketmasin, deya xavotirda turamiz. Bu yil uyimizni birinchi marta sel bosayotgani yo‘q. Devor va shiftlardagi yoriqlar o‘sha sellarning ta’siri. Biroq, bu yilgi yog‘ingarchilik bizni juda shoshirib qo‘ydi. O‘zanidan toshgan sel pishqirib, uy ichigacha kirib keldi. Bino cho‘kib, xonalardagi yoriqlar kengaydi. Qo‘shimcha imoratlarga ham katta zarar yetdi. Ekinlar loyqa ostida qoldi. Endi sel suvi yo‘lini o‘zgartirishni so‘rab, tuman va viloyat hokimligiga, boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilayapmiz”.
Bundan sakkiz yil muqaddam barpo etilgan zamonaviy loyiha asosidagi 50 ta namunaviy uy Mustaqillik mahallasi hududidan o‘tgan R-105 yo‘lining o‘ng tomonidan o‘tuvchi katta sel yo‘li atrofida qad rostlagan.
Zamonaviy massivda istiqomat qilayotgan X.Saidov, K.Shodiyev, B.To‘rayev, B.Umarov kabi 10 ga yaqin fuqaroning uyi bu yilgi tabiiy ofatdan turli darajada zarar ko‘rgan. Ular kelgusida sel toshqinining oldini olish hamda tabiiy ofatga barham berishda yordam so‘rab, tuman, viloyat hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralarga murojaat qilgan.
“Shunisi qiziqki, murojaatimizga barcha tashkilotlardan deyarli bir xil javob keladi, — deydi uylari turli darajada zarar ko‘rgan fuqarolar. — Javob xatlarining aksariyati tuman hokimliginikiga juda o‘xshash, mujmal javoblar bilan cheklanilgan. Seldan so‘ng yo‘l tagidagi bir nechta beton quvurlar olindi. Yo‘l bo‘yiga ekskavator ikki-uch hovuch tuproq tashladi, xolos. Shu bilan bu yerdagi ishlar to‘xtab qoldi. Biz eski vino zavodi oldidagi bog‘dan sel yo‘lini burib, Sho‘rsoyga oqizib yuborishni iltimos qilayapmiz. Lekin, biror-bir rahbar jo‘yali gap aytmayapti”.
“Yog‘ingarchilik payti butun Boysun tumani markazida to‘plangan suv shu yerdan oqib o‘tadi, — deydi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi E.Yadikov. — Joriy yil 19-may kuni kuchli yomg‘ir va do‘l tufayli sel o‘zanidan toshib, mahalladagi 32 hovliga kirdi. Ayniqsa, sel yo‘lida joylashgan namunaviy loyihalar asosidagi uylarga ko‘proq zarar yetdi. Devorlar yorilgan, ayvonlari cho‘kkan”.
Boysun tumani hokimi o‘rinbosari Sh.Normo‘minov bu yilgi sel oqibati va kelgusida uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida shunday dedi: “Sel toshqini ayrim uylarga zarar yetkazdi. Jiddiy talafot ko‘rgan xonadonlarni aniqlab, zararni to‘lab berish choralari ko‘rilmoqda. Shunga asosan o‘n besh oilaga 636 million 413 ming so‘m pul to‘lanadi. Hozir bu taklif tegishli tartibda hukumatga berilgan. Mahalla hududidan o‘tgan R-105 yo‘lidagi ko‘prikda sel toshqinlarining oldini olish bo‘yicha himoya to‘siqlari o‘rnatish uchun quruvchilar ishlamoqda. Odamlar yozaveradi-da...”.
Odamlarning aytishicha, sel toshqinidan keyin bu yerlarga quruvchi zoti kelmagan.
Izoh (0)