Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona posti xodimlari qo‘shni davlatdan piyoda kelgan opa-singillarning noqonuniy ravishda spirtli ichimliklar olib kirmoqchi bo‘lganini fosh qildi. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Opa-singillar bojxona xodimlariga salqin ichimliklar olib o‘tayotganini aytgan. Aslida ularga tegishli yuklar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, 31 million so‘mdan ortiq qiymatdagi 2008 dona pivo ichimligi aniqlangan. 7 turdagi ichimlikning umumiy og‘irligi 1040 litrni tashkil qilgan.
Ayni shu postga piyoda kelgan yana bir fuqaro qadoqlangan ichimlik suvini olib o‘tayotganini aytib, 20 dona yelim idishda 100 lirt etil spirtini olib o‘tmoqchi bo‘lgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom etmoqda.
Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishning amaldagi tartiblariga ko‘ra, mamlakatga 2 litrgacha alkogol ichimlik, jumladan, pivoni bojsiz olib kirishlari mumkin.
2018-yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan spirtli ichimliklarni olib kirish bilan bog‘liq 26 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Natijada qiymati 95 million so‘mdan ortiq, salkam 3600 litr spirt va alkogolli ichimliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Izoh (0)