Jizzax viloyati Zomin tumanidagi so‘lim O‘riklisoy oromgohida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining an’anaviy seminari boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Yozuvchilar uyushmasi tomonidan joriy yilning aprel, may, iyun oylarida Samarqand, Buxoro, Namangan, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yosh ijodkorlar seminarining hududiy bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminarlarda o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etgan 150 nafardan ortiq yosh qalamkashning 80 nafar eng iste’dodlisi Zomin seminariga yetib keldi.
O‘riklisoy dam olish manzilida anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat rahbarining yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, jumladan, bundan yigirma bir yil muqaddam yosh ijodkorlarning Zomin seminarini o‘tkazishga o‘sha paytda Jizzax viloyatining hokimi bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi bosh-qosh bo‘lganligi alohida ta’kidlandi.
Uch kun davom etadigan seminar doirasida respublikaning taniqli ijodkorlari ishtirokida davra suhbatlari, mushoiralar, adabiy janrlar bo‘yicha sho‘balarda mashg‘ulotlar, mahorat darslari, tabiat qo‘yniga sayohatlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
Izoh (0)