Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan Yaponiya hukumati o‘rtasida “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” (JDS) loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev va Yaponiyaning mamlakatdagi elchisi Nobuaki Ito O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, fan-ta’lim yo‘nalishida izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
“Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” loyihasi ham yurtimizdagi turli davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralalarda faoliyat yuritayotgan uch yillik tajribaga ega yosh kadrlarning Yaponiyadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida magistrlik bosqichida ta’lim olishini ta’minlash, ularning bilim va tajribasini oshirishga qaratilgan.
Bu loyiha 1999-yildan buyon Yaponiya hukumati bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida 311 nafar yosh mutaxassis kunchiqar mamlakatda bank-moliya, iqtisod, siyosat, tibbiyot, filologiya yo‘nalishlarida tahsil olib qaytgan. Loyiha 2019–2020-yillarda 17 nafar yosh iste’dod egalarining Yaponiyada tahsil olishini nazarda tutadi. Unga 2,4 million dollar miqdorida grant mablag‘i ajratiladi.
Tadbirda fan-ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish borasida qilinayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
Izoh (0)