O‘zbekistonda bo‘lib turgan “Ozodlik” radiosi vitse-prezidenti, bosh muharrir Nenad Pejich Ichki ishlar vazirligida qabul qilindi hamda jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Qutbidin Burxonov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida mamlakatda olib borilayotgan insonparvarlik siyosati, xususan, jinoyatga qo‘l urgan insonlarni sog‘lom hayotga qaytarish, jamiyatda o‘z o‘rnini tiklab olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘z bordi. Xususan, davlat rahbari tomonidan 2017-yilning dekabr oyida 2700 nafar va joriy yil iyun oyida 226 nafar ozodlikdan mahrum etilgan fuqaroga afv berilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
“Ozodlik” radiosi bosh muharriri vazirlik rahbariyatiga o‘zini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olgani uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, qator masalalarni hamkorlikda hal etish uchun kelganini qayd etib o‘tdi.
Izoh (0)