O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi tomonidan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan sportning pnevmatik miltiqdan o‘q otish turi bo‘yicha jurnalistlar o‘rtasida musobaqa tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Musobaqada 28 OAVning yuzga yaqin jurnalistlari ishtirok etdi.
Dastlab musobaqa ishtirokchilari uchun “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida mahorat darslari o‘tkazilib, shartlar bilan tanishtirildi.
G‘oliblar erkaklar va ayollar o‘rtasida I, II va III o‘rin sovrindorlari sifatida e’lon qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar “Eng faol ishtirokchi”, “Eng yosh ishtirokchi” va “G‘alabaga intilgan ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham taqdirlandi. Ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Musobaqa doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada sportning texnik va amaliy turlariga kiruvchi karting, avtokross, avtoralli, motokross, triatlon, duatlon, harbiy amaliy ko‘pkurash, yozgi biatlon, o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel singari sport turlari namoyish etildi.
Izoh (0)