Ta’lim tizimi – farzandlar kamoli bilan bevosita bog‘liq ekanini hech kim inkor eta olmaydi. Ayni paytda maktablarda 6 million bola ta’lim olmoqda. Shuning uchun ta’lim tizimi infratuzilmasi zamon talablariga muvofiq tubdan o‘zgartiriladi, butunlay yangilanadi, deb yozadi O‘zA.
Shu maqsadda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishonch bildirgan xalq ta’limi yangi vaziri Sherzod Shermatov, uning o‘rinbosari vazifasini bajaruvchilar — Sarvar Boboxo‘jayev, Alisher Umarov, Otabek Nazirovlarga zarur barcha vakolatlar beriladi. Mazkur vazirlik eng muhim vazirlikka aylantiriladi. Tuzilmaga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.
Bu Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq ta’limi tizimini tubdan o‘zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida alohida ta’kidlandi.
Xalq ta’limi tizimiga malakali mutaxassislar jalb etiladi. Shu maqsadga qaratilgan Prezident qarori qabul qilinadi.
Tizimga ajratilayotgan mablag‘larning to‘g‘ridan to‘g‘ri, manzilli yetib borishi yo‘lga qo‘yiladi. Tizimga taalluqli mablag‘lar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqsimlanadi. Sohada maqsadsiz mablag‘ sarflash bartaraf etiladi.
Ta’lim tizimi, xususan, Xalq ta’limi vazirligini har tomonlama qo‘llab qo‘llab-quvvatlash barcha rahbarlarning muhim vazifalaridan biriga aylanadi.
Izoh (0)