Saudiya Arabistonining Jidda shahrida iyun oyi boshida moda haftaligi o‘tkazildi. Unda podiumga modellar o‘rniga dronlar chiqdi, deb xabar beradi TJournal.

Foto: Tjournal

Moda haftaligida yaqinda Milan shahrida uchuvchisiz uchuvchi qurilmalar ishtirokida taqdimot o‘tkazgan Dolce & Gabbana modalar uyi ham ishtirok etdi.

Taqdimot ishtirokchilari undan bir nechta rolikni ijtimoy tarmoqlarda e’lon qildi. Ularda dronlar podiumda modellarga o‘xshab harakatlangan.

Ayrim ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari esa Saudiyadagi modaga noodatiy yondashuvni yumor hissi bilan qabul qilgan hamda modellarning dronlar bilan almashtirilishi mamlakatda ayollar huquqlarini cheklash bilan bog‘liq ekanligini qo‘shimcha qilgan.

Saudiyada ayollarga avtomobil boshqarishga ruxsat berilishiga qaramay, ularga jamoat joylarida ochiq kiyim va boshyalang ko‘rinish taqiqlangan.

Shuningdek, modalar namoyishi Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani uchun namoyishda aynan shunday yondashuv qo‘llanilgan. Muqaddas oyda ro‘zadorlarga nomahramlarning ochiq tana qismlarini ko‘rishga ruxsat etilmaydi, deyiladi xabarda.