Oldinroq Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lida yonilg‘i tashuvchi mashina yonib ketgani xabar qilingan edi. Toshkent shahar IIBB bu borada rasmiy ma’lumot berdi.
Xabarga ko‘ra, voqea 7-iyun kuni taxminan soat 19:00 da Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lida, Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘y bergan. TransSeulQurilish unitar korxonasiga qarashli Hyundai rusumli mashina yonib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, bunga texnik nosozlik sabab bo‘lgan.
Aytilishicha, Toshkent shahar IIBB yong‘in xavfsizligi bo‘limiga 19:12 da xabar kelgan. Oradan yetti daqiqa o‘tib, 19:19 da hodisa joyiga ikki o‘t o‘chirish mashinasi yetib kelgan. Bir necha daqiqa davomida yong‘in bartaraf qilingan.
Mashina haydovchisi olovni mustaqil ravishda o‘chirishga harakat qilganida yuzidan va qo‘lidan kichik kuyish jarohatlarini olgan. Unga voqea joyida yordam ko‘rsatilgan.
Izoh (0)