Samarqand viloyatining Jomboy tumani Eski Jomboy mahallasida yashovchi ayol o‘z joniga qasd qildi. Bunga uning eri ichkilikka berilganligi sabab bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.
Gulnora va Akram (ism-shariflar o‘zgartirilgan) turmush qurganiga o‘n yildan oshgan. To‘ydan avval o‘zini sipo tutgan Akram aslida ichkilikka berilgan, o‘zidan boshqa hech kimni o‘ylamaydigan toifadan ekan. Kunda kunora Gulnorani urar, sitam va xo‘rliklarning chegarasi yo‘qdek edi. Mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, har ikki tomonning qarindosh-urug‘lari, umuman jamoatchilik nega bu holatga loqayd qarab turgan? Ikki oyda o‘n yetti marta (!) kaltaklangan, yuz-ko‘zi shishgan holda, yana tun yarmida uyiga qochishga majbur bo‘lgan ayolning taqdiri nahotki hech kimni qiziqtirmagan?
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida Akram Temirovning qilmishi atroflicha o‘rganib chiqildi. Uning o‘z rafiqasiga muttasil zulm o‘tkazgani, urib-do‘pposlab, sha’ni, qadr-qimmatini kamsitib kelgani, bu qilmishlarida shaxsning o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazish jinoyati alomatlari mavjudligi aniqlandi.
Zulmkor erga qonuniy jazo tayinlandi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan, bir inson hayotni erta tark etib bo‘lgan.
Izoh (0)