Farg‘onada O‘zbekiston Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Jog‘orqu Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Jog‘orqu Kenesh to‘rog‘asi o‘rinbosari Asel Qoduranova mamlakatlar parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda muntazam muloqot, barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikning qonuniy asosini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda yaxshi qo‘shnilik, do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan O‘zbekiston — Qirg‘iziston munosabatlari turli yo‘nalishlarda jadal taraqqiy etmoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar o‘rtasida aloqalar tobora kengaymoqda. Mazkur parlamentlararo komissiyaning tashkil etilishi bu boradagi ishlarning amaliy natijalaridan biridir.
Majlisda parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
Komissiya majlisi yakunida Oliy Majlis va Jog‘orqu Kenesh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning reglamenti, shuningdek, O‘zbekiston parlamentı huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan Jog‘orqu Kenesh devonining ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Izoh (0)