Turkmaniston qonunchiligiga muvofiq chet el fuqarolari, jumladan O‘zbekiston fuqarolari Turkmaniston hududiga kirgandan so‘ng va belgilangan manzilga yetgunlariga qadar, shuningdek, davlat hududida turar joyi o‘zgargan hollarda turar joyi bo‘yicha migratsiya xizmati organlarida mamlakatga kirgan kunini hisoblamaganda uch ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Bu haqda O‘zbekiston TIV ma’lum qildi.
Turmaniston hududidan tranzit o‘tuvchi O‘zbekiston fuqarolari, agar ularning Turkmanistonda bo‘lish muddatlari kirgan kunini hisoblamaganda besh kundan oshmasa, faqat migratsiya nazorati postlarida ro‘yxatdan o‘tadi.
Xalqaro yo‘nalishlarda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek avtotransport vositalarining haydovchilari, agar ularning Turkmanistonda bo‘lish muddatlari besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatni tashkil etsa, faqatgina Turkmaniston davlat chegarasidagi migratsiya nazorati postlarida aholi punktlari yo‘nalishida, shuningdek, belgilangan manzillarga transport-tashish ishlarini amalga oshirishda ro‘yxatdan o‘tadi. Agar ularning Turkmanistonda bo‘lish muddati davlat hududiga kirish sanasidan boshlab besh kundan ortib ketsa, u holda kirish sanasini qo‘shib hisoblaganda 15 kungacha bo‘lgan muddatga Turkmaniston migratsiya xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tadi.
Mazkur qoidalarni buzganlik uchun fuqarolar 1330 manat (380 dollar) miqdorida moliyaviy jarimaga tortiladi hamda ikki yildan besh yilgacha bo‘lgan muddatga mamlakatdan deportatsiya qilinadi.
Turkmanistonda jamoat joylarida chekish taqiqlanadi. Shunigdek, mamlakatga nos (chaynaladigan tamaki) olib kirish taqiqlanadi.
Izoh (0)