AQSH prezidentining rasmiy qarorgohi ikkita. Birinchisi, Vashington (Kolumbiya okrugi)da joylashgan bo‘lib, 1800-yilda qurilgan Oq uy hisoblanadi. Pensilvaniya-avenyu 1600 dagi Oq uyning Oval xonasi AQSh prezidentining rasmiy ish joyi sanaladi. O‘zA Business Insider nashri tomonidan dunyoning eng ahamiyatli binosi haqida e’lon qilingan qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Vashingtondan yuz kilometr shimoliy-g‘arbda – Merilend shtatining tog‘lari orasida AQSh prezidentining shahar tashqarisidagi qarorgohi ham bor. Bu qarorgoh Kemp-Devid, deb nomlanadi.
AQSh prezidentining yana bir qarorgohi ham bo‘lib, Pensilvaniya-avenyu 1651 da joylashgan Blair House’dir. AQSh tarixi va diplomatiyasida muhim rol o‘ynovchi bu qarorgohda AQSh prezidentlarining mehmonlari joylashadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Oq uy hovlisidan bir necha qadam narida joylashgan Blair House prezidentning rasmiy mehmonxonasi sanaladi.
Ikkinchi jahon urushi davridan mazkur bino davlat rahbarlari, qirollar va AQShning saylangan prezidentlarini qabul qilgani bois ham “jahondagi eng taniqli mehmonxona” sifatida tan olinadi.
Blair House—prezidentning rasmiy mehmonlarini kutish uyi. Bino Oq uy qarshisida joylashgan. Bino qurilishi 1820-yilda boshlangan. Avvaliga Blair House Qo‘shma Shtatlar armiyasining jarrohi Jozef Lovellning xususiy uyi bo‘lgan. 1836-yilda bino 6500 dollarga prezident Endryu Jeksonning do‘sti va tarafdori Frencis Blair tomonidan sotib olindi.
1942-yilda AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt davrida, mamlakat hukumati binoni sotib olgan. Shundan beri bino Vashingtonga tashrif buyurgan davlat rahbarlari va xorijiy delegatsiyalarning qarorgohi sifatida xizmat qiladi. Oq uy ta’mirlanayotgani bois prezident Garri Trumen to‘rt yil Blair House’da istiqomat qilgan.
Bugungi kunda 6500 kvadrat metrni tashkil qiluvchi Blair House 110 ta xonasi bo‘lmish “to‘rtta uydan” iborat majmua hisoblanadi. Bu Oq uydan ham katta ekanligidan dalolat beradi.
Mehmonxonada konferens-zallar, kutubxona va dam olish joylari bor. Blair House’ga faqat va faqat AQSh prezidenti rasman taklif qilgan mehmonlargina joylashtiriladi.
Shuningdek, mansabiga kirishmoqchi bo‘lgan AQSh prezidentlari ham bu binoda vaqtincha yashashlari uchun ruxsat beriladi.
Qarorgoh rasman AQSh Davlat departamenti va Protokol boshqarmasi boshlig‘i tasarrufida. Blair House’ga bir yilda o‘rtacha 30 tacha davlatning rahbari keladi, shuningdek, turli tadbirlar o‘tkaziladi. Bularning hammasi mazkur binoning noyob diplomatik ahamiyatga ega ekanligini namoyon qiladi.
1980-yillarda kapital ta’mirlanishdan so‘ng Blair House ikki tomonlama muzokaralar va oliy darajali uchrashuvlar joyiga aylandi. Xorijiy davlat rahbarlari joylashgani uchun qarorgohda o‘sha davlat bayrog‘i ko‘tariladi. Bu binoda AQSh rasmiylari muntazam tushlik qilishadi va oqshom tadbirlarini o‘tkazadilar.
“Blair House mehmonxona emas, mehmonlar o‘zlarini xususiy qarorgohda yashayotgandek his qilishlari kerak”, — deyiladi AQSh davlat departamenti jurnalida chop etilgan maqolada.
Izoh (0)