Farg‘ona viloyati turizmni rivojlantirish boshqarmasi va “Farg‘ona vodiy sayyoh” turagentligi tashabbusi bilan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida Shohimardonga velosayohat uyushtirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.
Velomarafonda 28 nafar faxriy Farg‘ona–Vodil–Qadamjoy–Shohimardon yo‘nalishi bo‘ylab sayohatga chiqdi. Marafonchilar dastlab Vodil qishlog‘idagi “Chinor tagi” madaniyat va dam olish maskaniga tashrif buyurdi. So‘ngra ular Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani mahalliy hokimiyati vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.
Shohimardonda “Oq qiya” chegara postini kesib o‘tib, faxriylar “Shohimardon” ekoturizm markaziga bordi.
Velosportchilar uchun Shohimardon qishlog‘i bo‘ylab mahalliy muzey ekskursiyasi uyushtirildi. Faxriylar xalq tilida Hazrati Ali maqbarasi deya ataluvchi ziyoratgoh, Archamozor majmuasi va mazkur hududdagi bronza davri yodgorliklari hamda Oqsuv daryosi bo‘ylab sayr qildi.
“Velosport bilan 20 yildan buyon shug‘ullanaman, viloyat velosport federatsiyasi a’zosiman. Har yili velomarafonda faol qatnashaman. Nasib qilsa, velosipedda haj ziyoratiga borishni niyat qilganman,” – deydi Qorajiyda qishlog‘ida yashovchi 76 yoshli Karimjon Hakimov.
Izoh (0)