Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

To‘y mavzusi hech qachon eskirmaydi. To‘y bilan bog‘liq yangi rasm-rusumlar paydo bo‘lgani sari uning ortidan keladigan tashvishlar ham ko‘paymoqda. Yaxshi niyat bilan qiz uzataman, o‘g‘il uylantiraman, degan ba’zi yurtdoshlarimiz to‘y xarajatlari qarshisida chuqur qayg‘uga botmoqda.

Aslida o‘zbek xalqida to‘y-ma’rakalarni qarindosh-urug‘, jamoatchilik ishtirokida o‘tkazish an’anasi uzoq o‘tmishdan davom etib keladi. Shu bois bunday marosimlarni har jihatdan bekam-u ko‘st, milliy qadriyat va urf-odatlar asosida tashkil qilish bugunning talabi.

Farg‘ona viloyatida ham bu borada chora-tadbirlar belgilanib, to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zA ayrim fuqarolarning bu haqdagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Ahmadali G‘ofurov, Farg‘ona davlat universiteti professori, iqtisod fanlari doktori:

“Xalqimizning hayoti soddalik, samimiylik bilan yo‘g‘rilgan. Ana shu fazilat o‘zimizga juda yarashadi. Shukrki, 7 farzand va 23 nabiraning to‘yini o‘tkazdim. Barcha sarf-xarajatlarni o‘zim nazorat qildim. Agar bu ishni manmansiragan, uvol-isrofning farqiga bormaydiganlarga qo‘yib bersang, nimalar qilmaydi, deysiz. Bu yerda gap kattalarda, ko‘pni ko‘rgan otaxon-u onaxonlarda. Ular qattiq tursalar, to‘y va marosimlar juda ixcham o‘tadi.

Boltiqbo‘yi davlatlarida bir necha nikoh to‘ylarida qatnashdim. 15—20, nari borsa 30 chog‘li mehmon bilan to‘y o‘tar ekan. Hindistonda bir oylik sayohat safarida hind xalqining to‘ylarini ham ko‘rdim. Bazm uyushtirilib, o‘yin-kulgi bo‘lar ekan, ammo to‘y ziyofati juda kamtarona, dasturxon atrofida 20 nafar mehmon, qolganlar bazm tomosha qilishadi. Bu xotiralarning hammasini yon daftarimga qayd etib qo‘yganman.

Milliy, diniy qadriyatlarimiz tarixida ham to‘ylarni serhasham qilish haqida hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagan. Shukr, bugun to‘kinchilikda hayot kechirmoqdamiz. Lekin bu to‘kib-sochib, isrof bilan to‘y qilaverish mumkin, degani emas. Ma’naviyat bilan iqtisodiyot bir tomchi suvdek bir-biriga yaqin. Ma’naviyatli inson hech qachon iqtisodiy inqiroz sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. To‘ylarimiz ma’naviyatimizga ham, iqtisodiyotimizga ham putur yetkazmasligi kerak”.

“Har ishda me’yor yaxshi”, deydi donolar. Zero, me’yor tartibga boshlaydi, tartibning hosilasi esa hech qachon yomon bo‘lmagan. To‘y – quvonchli tadbir. Undan kutilgan maqsad-muddao ham ezgu va xayrlidir. Shunday ekan, to‘yni ko‘z-ko‘z qilish, “kimo‘zar”ga musobaqa maydoniga aylantirish ana shu ezgu ishlarni batamom barbod qilishi mumkin. Bu masalaga har bir oila, mahalla, keng jamoatchilik ishtirokida yechim topish, mayda-chuyda, bachkana odatlarni tag-tomiri bilan yo‘qotishga erishishimiz shart.

Har bir mahallada to‘y-marosimlarni kamchiqim o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Natijada “Paxtaobod”, “Chuvrindi”, “Muruvvat”, “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘inlarida to‘ydan oldingi va keyingi marosimlarga chek qo‘yildi. Yaqinda Paxta qishlog‘idan N.Mahkamov o‘g‘lini uylantirdi. Kelin tomonga hech qanday “soliq” solinmadi. Ixcham, fayzli to‘y bo‘ldi. Jihozlarni imkon qadar kuyov tomonning o‘zi sotib oldi. Shu o‘rinda bir gap. Tushuntirish ishlarida kelin olayotgan qaynona qizning xonadoniga borib onasiga mebel, ziyofat, yo‘qlovlar qilmang, deb guvohlar ishtirokida aytib kelishini ta’kidlayapmiz. Chunki bir kun kelib shu masalada qaynona kelinga ta’na-dashnom berishi ham mumkin, o‘rtada nizo ham chiqadi. Shuning uchun kelin oladigan qaynonalarga ham qat’iy talablar qo‘yilmoqda.

Bahorning ilk kunlarida Mirzaobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oila – Donoxon Sultonovaning nabirasiga mahallaning o‘zi sunnat to‘yi qilib berdi. Axir har bir xonadonda ulg‘ayayotgan bola shu mahallaning, shu elning bolasi. Ularning tarbiyasi, ilm-ma’rifati, ertangi hayotiga e’tibor bilan qarasak, albatta, bu yaxshilik bo‘lib qaytadi. Endigi faoliyatimizda ham kam ta’minlangan oilalar farzandlarining nikoh to‘ylarini bahamjihat o‘tkazishga harakat qilamiz.

Jamilaxon Ortiqova, Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Bag‘dod tumani kengashi raisining o‘rinbosari

Komila Kavlonova, Toshloq tumani hokimi o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati a’zosi:

“To‘y, oilaviy tantana va boshqa marosimlarni o‘tkazishda isrofgarchilik, shuhratparastlik va dabdababozlik tushunchalar avj olyaptiki, bunday illatlarga qat’iy barham berish bugungi kunning hayotiy zaruratiga aylanib bormoqda.

Hayotda kimningdir qo‘li kaltaroq, boshqasining dasti uzunroq bo‘lishi tabiiy. Har kim holiga yarasha imkoniyat qidiradi. Ammo yemay-ichmay, bolasiga kitob olib berishdan qizg‘anib, bog‘cha pulini, kommunal to‘lovlarni orqaga surib, faqat birovlar ko‘rib qo‘ysin uchun dabdabali to‘y qilishning nima keragi bor?! To‘ydan oldin tomonlar o‘rtasida bo‘ladigan o‘zaro oldi-berdilar, qiz tarafdan xorijda ishlab chiqarilgan mebel, kuyov sarpolar, oshxona, mehmonxona, yotoqxona gilamidan tortib pardasigacha jihozlashni talab qilish, hatto mebel rangiga qarab xonalarni kelin tomonga ta’mirlatish holatlari ham uchraydi. Xo‘sh, bu yigitlarning oriyatiga tegmaydimi?! Ne orzular bilan o‘g‘il o‘stirgan otaning ko‘nglini g‘ash qilmaydimi? Achinarli tomoni, bunday bema’ni odatlar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni muqaddas oila asosini kelinning moddiy ta’minoti bilan bog‘lash va shu fikr bilan yashashiga olib kelmoqda. Kattalar va yoshlar o‘rtasidagi munosabatlar buzilishi jamiyat ma’naviy muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yana bir mulohaza. Bugungi kunda farzand tug‘ilishi bilan o‘tkazilayotgan dabdabali tadbirlar ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bunday dabdaba bilan farzand kamoliga erishib bo‘lmaydi-ku! Shuning uchun ham biz jamoatchilik bilan targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng yo‘lga qo‘ymoqdamiz.

Har bir ishda, jumladan, urf-odatlarga amal qilishda ham me’yor va tartib hal qiluvchi omil bo‘lishi kerak. Ortiqcha isrofgarchilik o‘rniga ehtiyojmand oilalar, musibat yetgan xonadonlarga yordam ko‘rsatish, yetim-yesirlar holidan xabar olish, beva-bechoralarga ko‘maklashish kabi savobli ishlarga rag‘bat topish yaxshiroq. Ezgu amallarimiz bilan xayrli va savobli ishga qo‘l urgan odam bir umr savob olishini, xalq ichida doim hurmat va e’zozda bo‘lishini mahalladoshlarimizga, opa-singillarimizga, yoshlarimizga tushuntirib, ularning tafakkurini o‘zgartirishimiz lozim. “To‘y qilaman”, deb aziz umrini pul yig‘ish bilan o‘tkazish o‘rniga o‘z sog‘lig‘ini tiklash, farzandlari kelajagi uchun yo‘naltirib, ularning o‘qimishli, hunarli bo‘lishiga e’tibor qaratsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
General Pyotr Pavel Chexiyaning yangi prezidenti etib saylandi
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar
Mahalliy
Markaziy bank raisining kripto-aktivlar bo‘yicha ma’lumoti rad etildi