Politsiya jinoiy bo‘limi sobiq rahbari seshanba kuni rasman Yevropa politsiya agentligi (Yevropol) rahbari etib tayinlandi. Tashkilot tarixida ilk marta ayol kishi rahbarlik lavozimini egalladi. Bu haqda Yevropol tarqatgan xabarga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Yevropa ichki ishlar va adliya kengashining Bryusseldagi navbatdagi yig’ilishida Katrin de Boll yangi lavozimga tayinlandi. Bu lavozimni ilgari Rob Ueynrayt egallab turgan edi. Yevropol rahbari 4 yillik muddatga tayinlanadi.
“Mening bu lavozimdagi asosiy maqsadim agentlikka bo‘lgan ishonchni oshirish va ish-faoliyatda samaradorlikka erishishdan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari, xavfsizlik masalasida a’zo mamlakatlarning manfaatlari va Yevropol o‘rtasida muvozanatni saqlab turish muhim”, – dedi Katrin de Boll.
48 yoshli de Boll mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos, avval jandarmeriya, so‘ng politsiya zobiti bo‘lib xizmat qilgan. 2012-yili Belgiya federal politsiyasi bosh komissari bo‘lib, bu lavozimga tayinlangan birinchi ayol kishi bo‘ldi.
Izoh (0)