Pastdarg‘omlik Shaqqos Hasanovni Samarqandda ko‘pchilik piru badavlat otaxon sifatida taniydi, hurmat qiladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, hayotini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishga bag‘ishlangan bu otaxon 96 yoshda ham farzandu nabiralariga bosh bo‘lib, yoshlarga tajribalarini o‘rgatib kelmoqda. U haqda O‘zA hikoya qilmoqda.
“Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib, degan gap bor xalqimizda, — deydi Shaqqos bobo. — Biz tengi avlodning boshimizdan ne-ne savdolar o‘tmadi, deysiz. Mana, bugun baxtli bolalik degan gaplar paydo bo‘ldi. Bizning bolalik chog‘imiz turmush mashaqqatlari, ocharchilik, og‘ir mehnat bilan o‘tgan. Dalada tug‘ilib, dalada o‘sganmiz. Endi voyaga yetdik deganimizda, peshonamizda bor ekan, urush ko‘rdik. Yurtimizdan olislarda qon kechib, janglarda ishtirok etdik. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan azob-uqubatlarni ko‘rdik. Rizqimiz uzilmagan ekan, ko‘pchilik bo‘lib ketib, kamchilik qaytib keldik. Urushdan keyingi hayotimiz ham oson kechmadi. Shu tarzda hayotning o‘zi tarbiyalab, yo‘lga soldi bizni”.
Shaqqos Hasanov urushdan keyin Pastdarg‘om tumanidagi maktablarda o‘qituvchilik qildi. Maktab direktori bo‘ldi, jamoa xo‘jaligida ishladi. Halol mehnati, tashabbuskorligi bilan el o‘rtasida hurmat-e’tibor qozondi. Oilasi nafaqat Mang‘itobod mahallasida, balki tumandagi namunali xonadonlardan hisoblanadi. Bugun Shaqqos boboning farzandlari ham pensiya yoshiga yetib, nuroniylar qatoriga kirgan, nevara-chevaralarining hisobidan ba’zan adashib ham ketadi.
“Yaratganga shukr, o‘zim ham boboman, nabiralarim bir etak, — deydi otaxonning farzandi Abduxoliq aka. — Lekin hali ham biror ish yoki ma’raka masalasida otamdan maslahat so‘rayman, biror joyga boradigan bo‘lsam, duolarini olib, yo‘lga chiqaman. Yaqinda yonlariga chaqirib, qo‘limga besh-olti daftar tutqazdilar. Varaqlab ko‘rdim — maqollar, hikmatli so‘zlar, o‘zlari ko‘rgan, eshitgan voqea-hodisalarni yozgan ekanlar. ‘Mana shuni bitta kitob qilmoqchiman, nashriyotga boraylik’, dedilar. O‘zim olib borib ko‘rsataman, deyishimga qaramay o‘zim tushuntirishim kerak, deb turib oldilar. ‘Nuroniy’ jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limiga birga borib, daftarlarni ko‘rsatdik, kitob qilishga yordam berishlarini aytishdi”.
Izoh (0)