Oldin xabar qilinganidek, Vazirlar Mahkamasining 6-apreldagi “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 272-son qaroriga asosan “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda korxona o‘z faoliyatini boshlamoqda.
“O‘zbekkino” milliy agentligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muxtarov Ma’rufjon Mardonkulovich ushbu markazga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda “O‘zbekkino” saytida ma’lum qilindi.
M. Muxtarov oliy huquqshunos ma’lumotiga ega bo‘lib, 2013–2018-yillarda agentlik markaziy apparatida dastlab Kadrlar bo‘limi boshlig‘i, keyinchalik bosh yuriskonsult, tizim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tashkiliy masalalar boshqarmasi hamda kinoloyihalarni tematik rejalashtirish, filmlarni ekspert baholash va litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
U faoliyati davomida sohani huquqiy jihatdan chuqur o‘rganib, qabul qilingan O‘zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining sohaga oid barcha qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan.
Izoh (0)