Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 14 yoshli Umidjon Abdumadjidovga otasi Ilg‘or Abduqayumov donorligida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarilgan edi. Bugun bemor shifo topib uyiga qaytdi, deb xabar berdi “Daryo”ga Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
“Markazimizda birinchi marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazildi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokori Maqsudxon Rashidov. — Bu operatsiyaning murakkabligi shunda bo‘ldiki, bemor Umidjon juda yosh, organizmi hali rivojlanish bosqichida edi. Ichki a’zolarining kichikligi, qon tomirlarining ingichkaligi alohida yondashuv talab qildi. Shu bois markazda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xorij tajribasini o‘rgandik. Shundan so‘ng, Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda markazimiz tarixida ilk bor buyrak transplantatsiyasi bajarildi. Operatsiyagacha bemorning buyragi o‘z faoliyatini bajara olmagani bois, qoni 8 oy davomida to‘liq gemodializ apparati orqali tozalangan. Hozir buyrak me’yorida faoliyat olib bormoqda. Umidjon sog‘lom hayotga qaytdi, deb bemalol ayta olamiz”.
“Bugun o‘g‘lim Umidjon qayta dunyoga kelganday bo‘ldi, — deydi bemorning otasi, donor Ilg‘or Abduqayumov. — Davlatimizning ko‘magi, shifokorlarning astoydil mehnati oilamiz quvonchini qaytarib berdi. Operatsiyadan oldin natija qanday bo‘larkan, degan o‘y-xayollar bo‘lgani rost. Mana, hammasi ortda qoldi. Hozir Umidjonning kayfiyati, o‘ziga ishonchi baland”.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari ushbu murakkab amaliyot muvaffaqiyatli o‘tganiga katta ishonch bildirdi. Hozirgacha natijalarning barchasi ijobiy. Bemor va donor sog‘lom holatda o‘z oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytdi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara oladi.
Izoh (0)