O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Germaniyaning Friedensdorf International xalqaro tashkiloti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga ko‘ra, Andijon shahridagi tibbiy ko‘rik tadbirlari viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Germaniyalik malakali shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda 61 nafar bola maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida asosan, tana tayanch harakat tizimi, urologik xastaliklar bilan og‘rigan, terida kuyishdan qolgan asoratlari bo‘lgan 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularni davolash va salomatliklarini tiklash bo‘yicha mahalliy mutaxassislar, ota-onalar zarur tavsiya va maslahatlar oldi. Germaniyalik shifokorlar bilan hamkorlik doirasida 21 nafar bemor bola ushbu mamlakatda davolanib keldi”, — deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati hududiy filiali direktori Tursunboy Berdirahmatov.
Tibbiy tekshiruvlar natijasida uch nafar bolaning Germaniyaga borib davolanishi uchun xulosa berildi.
Ko‘rik doirasida xorijlik mutaxassislar bilan bolalar xastaliklarini aniqlash, samarali davolash bo‘yicha muloqotlar o‘tkazildi, o‘zaro tajriba almashildi. Tibbiy ko‘rik jarayonida xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar, bir guruh bemorlarga bepul dori-darmonlar berildi.
Izoh (0)