O‘zbekiston Prezidentining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi “O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” davlat korxonasi negizida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshida Akkreditatsiya markazi tashkil etiladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
- Muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro standartlarga ko‘ra akkreditatsiya qilish, shuningdek, muvofiqlikni baholash bo‘yicha akkreditatsiya qilingan organlar va metrologiya xizmatlarining belgilangan shartlar va talablarni bajarishi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
- Xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan faol hamkorlik qilish, ushbu sohada xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish;
- Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasida milliy va xalqaro ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshirilayotgan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi vazifalarini bajarish.
Markazning faoliyat sohasi tovarlar va xizmatlarni baholash va sertifikatlashni amalga oshiruvchi barcha davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Markazning buyurtmalariga asosan unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarga ruxsatnomalar, ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, shuningdek, ularning vaqtincha propiska qilinishi ta’minlanadi.
Izoh (0)