Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Ishonch” gazetasi “Jurnalistning orqasida kimi bor… yoxud ‘tekshir-tekshir’dan maqsad nima?” sarlavhali maqola chop etdi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

Foto: Depositphotos

Foto: Depositphotos

Har bir soha o‘ziga xos murakkabliklarga ega. Ayniqsa, dunyodagi xavfli kasblar sirasiga kiruvchi jurnalistik faoliyat jarayonida bu jihatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki muammoli vaziyatlarni yoritish, jamoatchilik fikrini shakllantirish va adolat mezonlari asosida baholash hammaga ham yoqavermasligi mumkin.

Jurnalist Behzod Qobulovning Facebook’dagi o‘z sahifasida chiqishi, “Jamiyat” gazetasida chop etilgan “Komissiya “mudhish xato”ni topdi” (“Xabar.uz” axborot saytida ham e’lon qilindi) sarlavhali maqolasi ayni shu mavzu atrofida fikr yuritishimizga turtki bo‘ldi.

Ilk manzara (!)

Jurnalist qalamga olgan vaziyatga xolis yondashish maqsadida Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 34-maktabga yo‘l oldik. Chortoqqa kirib borar ekanmiz, yo‘l chetidagi archalar tagini tozalayotgan ayollarga ko‘zimiz tushdi. Yigirma chog‘li ayolga ikki-uch erkak ishboshilik qilmoqda. Qiziqsinib, mashinani to‘xtatdik va qaysi tashkilotdan ekanliklarini so‘radik. “Maktabdanmiz…”

Ochig‘i, javobdan biroz ajablandik. Chunki aynan shu kabi ishlarni bajarish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilib, yetarli mablag‘ va texnika bilan ta’minlangandi-ku! Biroq o‘qituvchini “zaxiradagi mardikor” sifatida tasavvur etuvchi ong yangilanmasa, qiyin ekan. Jamoatchilikning “O‘qituvchiga erkinlik beraylik, u faqat ta’lim berish bilan shug‘ullansin” degan davomli chaqirig‘iga qaramay, amalda hech narsa o‘zgarmayapti…

Baland nuqtada

34-maktab jamoasi erishgan yutuqlar, o‘quvchilarining fan sohasidagi ko‘rsatkichlaridan hamma sharoitlarga ega, zamonaviy inshoot ko‘z o‘ngimizda gavdalangan edi. Biroq Chortoq adirlarining baland nuqtasiga qatnov uchun mutlaqo yaroqsiz yo‘ldan ko‘tarilishimiz kerakligini bilgach, xato o‘ylaganimizni angladik.

Maktabda maqtangulik sharoitning o‘zi yo‘q: suv (na ichimlik suv va na xo‘jalik uchun ishlatiladigani) umuman yetib kelmagan, elektr ta’minoti tizimini yangilashga ehtiyoj bor. O‘qituvchi va o‘quvchilarga oshxona zarur. Qarangki, shu holatdagi maktabning o‘quvchilari yaqinda o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da hududdan eng ko‘p g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa sifatida e’tirof etilgan. 10-sinf o‘quvchisi Mahfuza Shodmonova yosh jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika tanlovida 2-o‘rinni egallagan. Qolaversa, Germaniya fondi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda grant sohibasiga aylangan. Maktabni bitirgach, Mahfuza Germaniya yoxud yurtimizning istalgan oliy o‘quv yurtida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ushbu maktabning sobiq o‘quvchilari orasida oliy o‘quv yurtiga qabul qilinish ko‘rsatkichi ham anchayin yuqori…

Uyda ochilgan maktab

O‘rmonjon Qobulov 2012-yildan beri maktab rahbari. Ta’lim rivoji yo‘lida mehnat qilib suyagi qotganlardan. Shu o‘rinda bir misol: Alixon qishlog‘ining Dehqonobod MFY bolalari bir necha yillar oldin maktabga borish uchun kilometrlab yo‘l bosishgan. Domlaning lotoreyaga yutib olgan “Moskvich”i ular uchun yagona ulov edi. “Ertalab uydan chiqsam, mahallamizdan adir etagidagi maktabga qatnovchi yetti bola mashinamga suyanib turgan bo‘lardi. Dars tugagach ham shu ahvol, yettovi yana qaldirg‘ochdek tizilib meni kutib turardi. Issiq kunlarda mayli, ammo sovuq kunlarda… Maktab direktoriga bu haqda bir necha bor aytdim. Amaliy natija bo‘lmagach, o‘z uyimda ular uchun maktab ochdim. Dastavval, ta’lim tizimidagi rahbarlar e’tiroz bildirishdi. Biroq o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini tekshirib ko‘rgach, indashmadi. Keyinroq kolxoz tugatilgach, mazkur bino maktab uchun berildi. Buni qarangki, o‘sha yetti qaldirg‘ochimdan to‘rttasi bugun fan doktori darajasini olish uchun izlanmoqda. Bu mening ham yutug‘im, deb hamisha faxrlanaman. Chunki ustoz uchun shogirdining kamoli eng oliy e’tirofdir”.

Maktabning mahalla bilan samarali faoliyati, o‘qituvchilar jamoasining targ‘iboti bois xayrli ishlar davomli bo‘lmoqda. Dehqonobodlik Abdug‘ani hoji Dadaboyev o‘z hisobidan maxsus stipendiya tashkil etib, har oyda maktabning a’lochi o‘quvchisini taqdirlab borayotir. 2007-yilda joriy ta’mirdan chiqarilgan bo‘lishiga qaramay, qorovulxonasiz bo‘lgan maktabga jamoa sa’y-harakati bilan qorovulxona qurildi. O‘tgan yili limonariy tashkil etildi.

– Chag‘irtoshli bo‘lgani uchun yerimizda daraxt ko‘karishi qiyin, bir yillik ekinlar uchun suv yo‘q, – deydi direktor O‘.Qobulov. – Bu esa qo‘shimcha daromad topishimizga xalal beradi. Agar qo‘shimcha daromadimiz bo‘lganida, elektr tarmog‘ini yangilash uchun kerakli jihozlarni ham, suv tortib kelish uchun 350 metrlik polietilen quvurlarni ham xarid qilgan bo‘lardik. Tegishli mutasaddilarga nimalarga ehtiyojimiz borligini rasmiy ravishda bildirganmiz. Ijobiy yechimdan umidvormiz. 268 nafar o‘quvchiga ta’lim berish barobarida, muayyan kamchiliklarni hal qilib, yetishmovchiliklar o‘rnini to‘ldirib borishga harakat qilyapmiz.

 Maxsus ishchi guruhlarning tekshiruvlari faoliyat rivojiga qanchalik hissa qo‘shayapti?

– Ba’zan ko‘zimiz ilg‘amagan xatolarni chetdan ko‘rib sezishadi, tuzatamiz. Bu yaxshi, ammo har qanday tekshiruv natijasi soha rivojiga turtki bo‘lishi kerak…

Ta’mirga talab bormi?

27-fevral kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi vakillari 34-maktabga kelishdi. Sakkiz punktdan iborat “kamchiliknoma” to‘ldirildi. Ulardan ayrimlari rostdan ham o‘qituvchi mas’uliyatidagi masalalar, ayrimlari esa maktab rahbariyatining imkoniga ham, vakolatiga ham taalluqli emas. Shulardan ayrimlariga to‘xtalamiz. Xususan, maktabning yuvinish xonasidagi moslamalarni qayta ta’mirlash masalasini olaylik. Avvalo, maktabni tozalash uchun ham direktorning shaxsiy avtomashinasida adir etagidan kunda suv keltiriladigan maskanda yuvinish xonasini ta’mirlash mantiqqa to‘g‘rimikan? Maktabning 2-qavatini yoritish tizimi borasidagi taklif ayni muddao bo‘lgan, ammo ta’mir jarayonida qurilish korxonasining “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish ko‘rganligi sababli maktab elektr tarmog‘ida qisqa tutashuv tufayli tez-tez uzilishlar ro‘y berib turgan bir paytda… Bu holatni bartaraf etish uchun tarmoqni yangilash kerak (bu esa direktor ixtiyoridagi ish emas). Buning uchun 8 ta asosiy shit saqlagich, 6 dona bir fazali 25 A avtomat, bir dona 3 fazali 50 A avtomat, 145 ta kunduzgi lampa, yoqish-o‘chirish moslamalari zarur. 6-fevral kuni O‘.Qobulov mutasaddilarga bu haqda bildirish xati orqali ma’lum ham qilgan. Kompyuter xonasidagi kamchilik sifatida e’tirof etilgan masala esa jumboqli. Chunki tizimdagi so‘nggi qoidalarga ko‘ra, o‘quvchilar 25 nafardan kam bo‘lgan sinf guruhlarga bo‘linmaydi. Shu tufayli ham 15 kishilik kompyuter sinfida 22 kishiga dars berishga majbur bo‘linmoqda.

Eng yomoni, kamchiliklar qatoriga kiritilmagan, biroq yig‘ilishda alohida ta’kidlangan hojatxona eshigi masalasidir. Bo‘ron natijasida uchib ketgan eshik o‘rniga yaqin oradagi kapital ta’mirlanayotgan bolalar bog‘chasining eski eshiklarini keltirib o‘rnatgani direktorga kaltak bo‘lmoqda. Emishki, eshiklarning rangi ikki xil: biri yashil, biri havo rang…

Kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda direktor O‘.Qobulov ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishini ma’lum qilgan. Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sohibjon Ergashev biz bilan suhbatda 34-maktab direktori O‘rmonjon Qobulovdan hech kim ishdan bo‘shashini talab qilmaganligini aytdi. “Jamiyat” gazetasida e’lon qilingan maqolaning bir taraflama, noxolis ekanligini ham ta’kidlab o‘tdi.

Yaxshi, jurnalistning maqolasi tufayli hech qanday tazyiq bo‘lmadi, Qobulovning ishdan ketishini hech kim talab qilmadi ham deylik. Biroq maqsadi amaliy yordam berish bo‘lgan ishchi guruhning sa’y-harakatlari sharoiti yetarli bo‘lmagan 34-maktabga zug‘um o‘tkazishdan boshqa qanday amaliy foyda keltirdi? Suv, elektr energiyasi muammosi hal qilindimi yoxud chekka hududda bo‘la turib Germaniyada o‘zbek qizining iste’dodini namoyon eta olishiga sharoit yaratgan o‘qituvchiga bir parchagina bo‘lsin faxriy yorliq taqdim etildimi?

O‘rmonjon Qobulovning so‘zlarini aynan keltiramiz: “Men uchun maktabga bir yaxshilik qolishi kerak, maqola yozsangiz, maktabdagi suv va elektr masalasini ko‘taring. Shu ish hal bo‘lsa, katta savob bo‘lardi. Mening ishdan ketishim esa katta yo‘qotish emas, ortimda shogirdlarim bor…” Biroq har bir xodim mehnatiga yarasha rag‘bat topmog‘i darkor emasmi?

Odatda, o‘z qadrini bilgan, mehnatining bahosini yaxshi anglagan kadrlar arzimagan sabab tufayli ariza yozishni oxirgi yo‘l deb biladi. Balki g‘urur dermiz buni, balki kamsitishlarga toqatsizlik. Nomlanishi qanday bo‘lganda ham haqsizlik bilan chiqisholmaslik o‘qituvchida, aynan o‘qituvchida bo‘lgani maqbul. Chunki shogirdlari uning so‘zidan ham oldin, tutumidan o‘rnak oladi.

Kim haq?..

Endi Behzod Qobulovning yuqoridagi maqolasidan iqtibos keltirsak: “Yaqinda “Xabar.uz” saytida o‘qituvchi, maktab atrofidagi ba’zi g‘irromliklarni maqola tarzida bayon qilgandim. Maqolam chop etilgach, otamning atrofida qora bulutlar paydo bo‘la boshladi. Otam ishlayotgan maktabni “komissiya” bosdi. Tekshiruvchilar viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan ekan. Xullas, qidira-qidira, axiyri bitta “yirik, o‘ta mudhish” kamchilik topibdilar: maktab hojatxonasining eshigi bo‘yoqlanmagan ekan!”

“O‘qituvchi! Bo‘l tayyor — doim tayyor! Qisqacha aytib bo‘lmaydigan gaplar…” maqolasida yoshligidan maorif muhitida ulg‘aygan muallif soha rivojidagi to‘siq va muammolarni kuyunib, qalbidan o‘tkazib yozgani bilinib turibdi. Shu bilan birga, pedagogika sohasiga bo‘lgan muhabbatidan ichidagini “to‘kkan”. Maqoladan muallifning birgina istagi bo‘lgan: “o‘qituvchilarning o‘zi kelgusida katta o‘zgarishlar, haqiqattalablar yalovbardoriga aylana olsa…” Aslida ham ta’lim-tarbiya, Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, “biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. Kamchiliklardan ko‘z yumsak, yosh avlod taqdiriga befarq bo‘lsak, ertaga kech bo‘lishi haqiqat.

Xo‘sh, ta’lim sohasidagi muammolarni ko‘tarib chiqishi otasi va u ishlayotgan maktab atrofida “qora bulutlar aylanishiga” sabab bo‘layotgani qanchalik haqiqat? Vaholanki, jurnalistning facebookdagi chiqishiga qoldirilgan turli izohlarda ham tizimda ko‘plab muammolar mavjudligiga ishoralar bor:

Adiba Umirova: O‘sha maktab direktori bir paytlar xalqning bolalari savodli bo‘lishi uchun yashab turgan uyini maktabga aylantirishga ham rozi bo‘lgan ekan. Shu haqda maqola ham yozmoqchi bo‘lganman. XTBning ziyolilarga bo‘lgan hurmati shumi?

Nigora Umarova: Qadrning baholanishi… Mana insonlarni loqaydlik kasalligiga chalintirishga sabab bo‘luvchi usullardan biri. Muammoni ko‘tarib chiqqanlar shu ko‘yga solingach, odamlar “menga nima-senga nima”ga o‘tib qolishadi-da…

Maqsud Jonixonov: Eski, o‘lik tuzumdan qolgan illat bu. Rahmat aytish o‘rniga qora chaplash, halol ishlamoqchi bo‘lganga choh qazish, deb shuni aytadilar. Xalq ta’limi vaziriga murojaat qiling.

Komiljon Shamsiddinov: Afsus, masalani hojatxona eshigi mezoni bilan o‘lchaydigan tekshiruvchiga qolgan ta’lim uchun afsus…

Amaliy natija muhim

O‘tgan bir yil tahliliga e’tibor qaratsak, ta’lim, undagi muammolar eng ko‘p muhokama etilgan sohalar sirasiga kiradi. Eng qizig‘i, bu kamchiliklar barcha hududlarda, yon-atrofimizda yuz berayotganini ham ko‘rib turibmiz. Faol sa’y-harakatlar tufayli sohada qog‘ozbozlikni kamaytirish, o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, jamoat ishlaridan xalos etish borasida amaliy harakatlar e’tiborga molik. Ammo ildiz otib ketgan muammolar bilan tizimli ravishda kurashish talab etiladi. Bunda jurnalistlarning roli katta.

Tan olishimiz kerak, ta’lim sohasidagi qog‘ozbozlik va byurokratizmga qarshi kurashish, samarasizlikni samaradorlikka aylantirish borasida izchil islohotlar yuz berayapti. Shunday ekan, mas’ul xodimlar ta’lim sifatini oshirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishsa, qog‘ozlarga qarab emas, amaliy natijaga qarab baho berishga harakat qilishsa, bugungi islohotlar jarayoniga ko‘maklashgan bo‘lar edi…

Shunda, balki Behzod Qobulov aytganidek, “Jurnalistning ortida hech kim yo‘q, degan o‘y qachon paydo bo‘lgan o‘zi? Qachon, ayting, qachon tanqid yozgan jurnalist mutlaq daxlsiz bo‘ladi?” kabi demokratik jamiyat uchun yot bo‘lgan savollarga ham o‘rin qolmasmidi?..

P/S: Yuqoridagi vaziyat yuzasidan “Jamiyat” gazetasi, “Xabar.uz” axborot-tahliliy portali hamda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Xalq ta’limi vazirligiga nisbatan ko‘plab fikrlar aytildi. Bu o‘rinda biz kimnidir oqlash yoki qoralash niyatidan yiroqmiz. Faqat ushbu holatga vazirlik tomonidan munosabat bildirilmayotganidan taajjubdamiz. Ta’lim tizimi jamoatchilik e’tiborida bo‘lib turgan ayni paytda mazkur vaziyatga vazirlik mutasaddilari oydinlik kiritishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, nazarimizda…

Dildora Rahmonova,

Akmal Toshev,

“Ishonch” muxbirlari

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ukraina 2 ta aerodromga dronlar bilan zarba berishga urindi — Rossiya Mudofaa vazirligi
Mahalliy
O‘zbekistonda noyabr oyida qancha chaqaloq tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi
Mahalliy
“Mehnati ko‘p bo‘lsa-da, maoshi kam, olgan puli halol bo‘lsin”. Jamoatchilik elektr montyorlarni olqishlamoqda