Ozarbayjonlik jurnalist Eynulla Fatullayev shu kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turipti. Jurnalist o‘z sayohati taassurotlarini Facebook’dagi sahifasi orqali ulashib bormoqda.
Kecha, 24-mart kuni Fatullayev Buxorodan Samarqandga tezyurar poyezdda keldi. Tezyurar reysdagi safar jurnalistda katta taassurot qoldirdi. U bu haqda sahifasida yozib, Ozarbayjon hali ham bunday poyezdlar yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi.
“Mana sizga O‘zbekiston. Tezyurar poyezdda qariyb 90 daqiqada Buxorodan Samarqandga yetib keldim… Nega bizda bunday poyezdlar yo‘q?”, — deb yozdi u.
Jurnalist Ozarbayjon transport vaziri Ziyo Mamedov va milliy temir yo‘l idorasi rahbari Jovid Qurbonovni tanqid ostiga oldi:
“Biznesmen Hafiz Mamedov menga aytgandiki, sakkiz yil oldin nemislar bilan kelishgan ekan, ular 2 milliard dollar evaziga mana shunday tezyurar poyezdlar tizimini qurishga tayyor bo‘lgan ekan. Ganjaga bir yarim soatda yetib borardik. Ziyo (Mamedov) nima qildi? O‘ziga samolyot, o‘g‘liga Bodrumdan villa sotib oldi… tezyurar poyezdlar loyihasi esa qog‘ozda qolib ketdi”.
“Tezyurar poyezdlarsiz qanaqasiga turizm haqida gapirish mumkin?”, — deb so‘ziga yakun yasadi Eynulla Fatullayev.
Izoh (0)