2018-yil 15-mart kuni Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Doimiy kengashi a’zolari 26-27-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaning asosiy mazmuni bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekistonning YXHT va Vena shahridagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasi rahbari Sherzod Asadovning ma’ruzasida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, uning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratish, afg‘on xalqining farovonligini oshirish va uning mintaqa va butun dunyodagi ijobiy jarayonlarga jalb qilinishini ta’minlashda muhim qadam bo‘lishi kerak.
Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Rossiyaning diplomatik vakolatxona rahbarlari o‘z nutqlarida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferentsiya o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi. Xorijiy hamkorlar O‘zbekiston tomoniga yuqori darajadagi Toshkent forumini tashkillashtirish tashabbusi uchun minnatdorchilik izhor qilib, uning muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.
YXHTga raislik qiluvchi mamlakat bo‘lgan Italiya vakili Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya natijalari yuzasidan tashkilot doirasida alohida tadbir o‘tkazishni taklif qildi.
YXHTning Doimiy kengashi yig‘ilishida tashkilot rahbariyati, 60 ga yaqin elchi, ishtirokchi va hamkor mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari qatnashdi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra O‘zbekiston tomonining ma’ruzasi YXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Izoh (0)