Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash ish rejasiga asosan aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida 12–14-mart kunlari Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida “Huquqiy axborot kunlari” loyihasi o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali orqali ma’lum qilindi.
Loyiha “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida o‘tkaziladi. Loyihaga asosan tashkil etilayotgan tadbirlarda quyidagilarga alohida urg‘u beriladi:
- tegishli davlat tashkilotlari, shu jumladan ichki ishlar, MIB, soliq organlari va aholi bilan bevosita ishlaydigan boshqa davlat tashkilotlari xodimlarining fuqarolar oldida aniq majburiyatlari borligi hamda shu majburiyatlarning mazmuni aholiga tushuntiriladi;
- fuqarolarning davlat tashkilotlari va xodimlariga nisbatan haq-huquqlari tushuntiriladi, bu huquqlardan foydalanish, talab qilishning qonuniy tartibi va uslublari o‘rgatiladi.
Tadbir davomida respublika idoralariga Sayxunobod tumanida yashovchi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar tahlili natijasida yaratilgan huquqiy yo‘nalishdagi tarqatma materiallar (arzon uy-joy olish, yer olish, moddiy yordam olish, ichimlik suvi, kreditlar olish va. x.k.) har bir xonadonga yetkazib beriladi.
Sayxunobod tajribasidan kelgusida respublikaning boshqa hududlarida o‘tkaziladigan shu kabi tadbirlarda foydalaniladi.
Izoh (0)