Tojikiston poytaxtida O‘zbekiston – Tojikiston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikromov, Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisi Sh. Said, tegishli vazirlik va idora rahbarlari, ikki mamlakatning 120 dan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston – Tojikiston ishbilarmonlar kengashi 2017-yilning 11-oktabrida tashkil etilgan bo‘lib, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon va moliyaviy doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ko‘p tomonlama loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, ikki davlatning biznes hamjamiyatlari vakillarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikistonda iqtisodiy rivojlanishning ilg‘or tizimlari keng joriy etilayotgani hamda mahalliy korxonalar raqobatdoshligining oshayotgani ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lmoqda.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning yanada rivojlanishiga ko‘maklashish uchun qo‘shma tadbirlar tashkil etish, biznes vakillarining o‘rtasida yirik forumlar, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda turli sohalar bo‘yicha samarali kelishuvlarga erishildi. Kengashining ikkinchi majlisini joriy yilning ikkinchi yarmida Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.
Izoh (0)