Meksikadagi eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri — Milliy avtonom universiteti vakillari 8 yoshli Sochitl Gvadelupe Krus Lopesga yadro fizikasi fakulteti nomidan mukofot topshirdi. Maktab o‘quvchisi ushbu nufuzli mukofotni qo‘lga kiritgan eng yosh tadqiqotchiga aylandi. Bu haqda El Pais’ga tayanib, “Vesti” xabar berdi.

Foto: “Vesti”

Qizaloq otasi bilan birga quyosh energiyasida ishlaydigan suv isitgichni yasagan. Qurilma mutlaq oddiy materiallardan — yog‘och bruslar, plastik butilkalar, muzlatgichning oynali eshigi hamda rezina shlangdan yasalgan.

Isitgichning umumiy tannarxi 200 pesodan (10 dollar) oshmaydi. Maktab o‘quvchisi uni uyining tomiga o‘rnatgan. Mazkur qurilma bir sutkada 10 litr suvni isitishga qodir.

Ayni vaqtda yosh meksikalik katta hajmdagi yana bir isitgich yasashni rejalashtirmoqda.