6-mart kuni 100 dan ortiq o‘zbekistonlik qo‘shiqchi, raqqosa va musiqachilar Dushanbega yetib keldi, deb yozadi “Podrobno”. Ular 9-mart kuni 150 dan ortiq tojik san’atkorlari bilan birgalikda “Do‘stlik kechasi” konsertida qatnashadi.

Foto: “Podrobno”

Bayram tadbirida tomoshabin sifatida O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari, O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari, Tojikiston hukumati va parlamenti a’zolari, jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.

Ta’kidlanishicha, o‘zbek san’atkorlari guruhiga Yulduz Usmonova, Sherali Jo‘rayev, Farruh Zokirov, Ozodbek Nazarbekov kirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 9—10-mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘ladi.