Hindistonda 3rd Rock multimedia prodyuserlik kompaniyasi katta mavqega ega bo‘lib, bir qator taniqli hind san’atkorlari bilan hamkorlik qiladi. Ushbu kompaniya tomonidan suratga olinadigan videomahsulotlar You Tube’da 30 millionga yaqin a’zosi bo‘lgan T-Series kanalida namoyish etiladi. Kompaniyaning marketing bo‘limi rahbari janob Raj Surining ta’kidlashicha, hindistonlik qo‘shiqchilarning kliplarini O‘zbekistonda suratga olish, mamlakat turizmi rivojiga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazishi mumkin, deb yozadi “O‘zbekkino” milliy agentligi matbuot xizmati.
“O‘zbekistonga keladigan har bir hind san’atkori bu haqda albatta ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qiladi. Ularni esa millionlab muxlislari doimo kuzatib boradi”, — deydi janob Suri.
Mumbayning Dimaz Agastyaa Productions Private Limited kinokompaniyasi esa 1990-yillardan boshlab MDH mamlakatlari bilan sayyohlik, yuk tashish va filmlar suratga olish sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu kinokompaniya vakillari Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastrining hayotiga bag‘ishlangan qisqa metrajli filmning ba’zi lavhalarini O‘zbekistonda suratga olish taklifini bildirmoqda. Mazkur film Lal Bahodur Shastrining hayoti va faoliyatini o‘rganayotgan yosh jurnalist haqida bo‘lib, unda “Toshkent shartnomasi” va Lal Bahodur Shastrining Toshkent shahridagi vafoti haqida hikoya qilinadi.
“O‘zbekkino” MA Bosh direktori Furqat Zokirov O‘zbekiston va Hindiston respublikalari o‘rtasida azaliy do‘stona aloqalar mavjudligi, bunda ayniqsa kinematografiya sohasi alohida o‘rin egallashini qayd etib o‘tdi.
Izoh (0)