1-mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xajiyevni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
V. Xajiyev Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkmaniston qo‘shma komissiyasining 14-majlisi ishida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan.
Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov muloqotlari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan ikki tomonlama munosabatlar holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Qayd etilganidek, oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkmaniston muntazam muloqoti davlatlararo aloqalarning ildam rivojlanishi uchun asosdir.
Suhbat chog‘ida Toshkent shahrida mart oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan tadbirlarga — Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlari va Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” nomli xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Turkmaniston elchisi Shiri Shiriyev ishtirok etdi.
Izoh (0)