26-fevral kuni MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston belbog‘li va bel olish kurashi vakillari bilan uchrashdi.
Yig‘ilishda sport vaziri Shoakram Isroilov hamda Xalqaro belbog‘li kurash federatsiyasi prezidenti Rustam Isoqov ham ishtirok etgan. MOQ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad kurash federatsiyalari o‘rtasidagi uzviylikni shakllantirish va ularning bir maqsad yo‘lida birlashishini ta’minlashdir.
Bu yo‘lda MOQ qoshida Sharq yakkakurashlari departamenti ishga tushirilishi aytildi. Mazkur departament o‘z ichiga belbog‘li kurash, bel olish kurashi, milliy kurash, sirim kurashi, shuningdek, sport kurashlari ichiga kiruvchi erkin va yunon-rum kurashlarini oladi. Ya’ni, mazkur turlarning barchasi departament a’zosiga aylanadi.
Yig‘ilishda Umid Ahmadjonov federatsiya murabbiylarini qiynayotgan masalalar yuzasidan fikrlar so‘ragan. Keyin esa sport taraqqiyotiga to‘sqinlik qilayotgan shaxslarni sportdan umrbod chetlatishgacha borilishini tushuntirgan.
Bundan buyon sportimiz rivojiga to‘sqinlik qiluvchi “mutaxassislar”ni qattiq jazolaymiz. Buning uchun xalqaro talablarga mos keladigan alohida me’yoriy hujjat ishlab chiqilmoqda. Huquqshunoslar tez orada xalqaro normalar asosida tegishli hujjatlarni tayyorlaydi.Umid Ahmadjonov, MOQ prezidenti
Izoh (0)