Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichining 2-turidan o‘rin olgan “Istiqlol” — “Al-Hilol” o‘yini 1 daqiqalik sukut bilan boshlanishi rejalashtirilgandi. Ammo saudiyalik futbolchilar sukut saqlashni istamagan.
Saudiya Arabistoni va Eron davlatlari o‘rtasidagi ziddiyat sababli, ularga tegishli bo‘lgan klublarning o‘zaro o‘yinlari neytral mamlakatda o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, “Istiqlol” klubi Saudiyaning “Al-Hilol” jamoasini Tehrondagi “Ozodi” stadionida emas, balki Ummon poytaxtida qabul qildi.
Bungacha Erondagi quyuq tuman sababli avtohalokat ro‘y bergan bo‘lib, samolyot bortida bo‘lgan 66 kishining barchasi halok bo‘lgandi. Shundan kelib chiqib, forslar uchrashuvni 1 daqiqalik sukut bilan boshlashni so‘rab, OFKga murojaat qilgan. Saudiyalik futbolchilar buni tan olmagach, hakamlar ularni maydon markaziga chaqirishga uringan, biroq bu ish bermagan va raqib tomon o‘z joyida turib olgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik Server Jeparov to‘p suradigan “Istiqlol” klubi bu borada OFKga shikoyat xati yozgan. Tashkilot bu maktubga hozircha rasmiy javob berib ulgurmagan. Qayd etish kerak, bellashuvda eronlik futbolchilar 1:0 hisobida g‘olib chiqqandi.
Bungacha JCh—2018 saralashidan o‘rin olgan Avstraliya va Saudiya Arabistoni termalari o‘rtasidagi bellashuvda ham shunday voqea kuzatilgan bo‘lib, saudiyalik futbolchilar Londondagi terakt qurbonlari uchun 1 daqiqa sukut saqlashni istamagandi. Keyinroq Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi bu ish uchun rasman uzr so‘ragan.
Izoh (0)