Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyoda “C5+1” formatida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida xabar berildi.
“C5+1” Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining muloqotini anglatadi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari va AQSh davlat kotibining ushbu formatdagi ilk uchrashuvi 2015-yil 1-noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan.
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, AQSh davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari Elis Uells “C5+1” formatidagi sheriklikni amaliy va samarali deb atagan.
“Avvalgi ma’muriyat tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bu format AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ham to‘la qo‘llab-quvvatlanmoqda. Davlat kotibimiz Reks Tillerson Nyu-Yorkda o‘z hamkasblari bilan bu doirada uchrashgandi. Kelgusida Markaziy Osiyoda shunday uchrashuv o‘tkaziladi. Bu loyihani mustahkamlash uchun AQSh Kongressi 15 million dollar mablag‘ ajratgan”, — degan edi Elis Uells.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Markaziy Osiyo birlashayotgani va mintaqaning umumiy muammolarini hal qilayotganidan xursand.
Izoh (0)