Germaniya janubida dunyodagi eng noodatiy binolarga ega shahar joylashgan. Uning o‘ziga xosligi arxitekturasida emas, balki uni qurishda ishlatilgan olmoslarda, deb xabar berdi National Geographic.
Bavariyaning Nyordlingen Ris deb nomlanuvchi tabiiy hududida diametri salkam 24 kilometr keladigan tog‘ havzasi mavjud. Ancha vaqtga qadar u vulqon otilishi jarayonida paydo bo‘lgan deya taxmin qilingan, biroq 1960-yilda olimlar ushbu vodiy ulkan meteoritning yerga tushishi oqibatida yuzaga kelganini aniqlagan.
Diametri salkam 1 kilometr va og‘irligi kamida 3 milliard tonna bo‘lgan osmon jismi 14,5 million yil avval Yerga tushgan.
Soniyasiga 25 kilometr tezlikda harakatlanib Yerga urilgan meteroit chuqurligi 600 metr keladigan havzani hosil qilgan. O‘z navbatida cho‘kindi jinslar tarkibidagi uglerod yuqori harorat va kuchli bosim ta’sirida olmos bo‘laklariga aylangan.
Kraterda Nyordlingen shahri joylashgan bo‘lib, u 898-yildan beri mavjud. Bu yerdagi binolarning devorlari va ibodatxonalarini qurishda mahalliy materilallardan foydalanilgan.
Binolar tarkibida olmos borligi XX asrning 90-yillarida aniqlangan. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda umumiy miqdorda 72 ming tonna olmos mavjud, biroq ular orasidagi eng katta olmosning o‘lchami 200 mikrometrga (0,2 mm) teng.
Izoh (0)