AQShga yopirilgan anomal sovuqlar va qor yog‘ishi oqibatida oxirgi hafta davomida 13 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 4-dekabr, payshanba kuni CNN telekompaniyasi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
O‘lim holatlari asosan Viskonsin, Texas, Missuri va Michigan shtatlarida qayd etildi. Olti kishi sovuq urishidan halok bo‘ldi. Qolganlar yo‘llarda yuzaga kelgan muzlar tufayli sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘ldi.
Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, mamlakatning sharqiy qismi va Atlantika sohilida kuzatilayotgan qorlar yaqin kunda kuchayishi mumkin. Boston (Massachusets shtati), Filadelfiya (Pensilvaniya shtati) va Nyu-Yorkda allaqachon sovuq hukmron. Noqulay ob-havo yuzaga kelgan hududlarda 3 mingdan ortiq aviareys bekor qilingan. Virjiniya, Shimoliy Karolina va Florida shtatlarida o‘n minglab odam elektr energiyasisiz qoldi.
Nyu-Yorkda 4-dekabr kunduzi havo harorati minus 5 darajagacha pasaydi, biroq shaharda kuchli va sovuq shamollar kuzatilmoqda. Ko‘p qor yog‘ishi tufayli megapolis meri Bill de Blazio barcha maktablarni yopishni buyurdi.
Anomal ob-havo O‘rta G‘arbda ham kuzatilmoqda. Sent-Luisda (Missuri shtati) harorat minus 13 darajagacha tushdi. Indiana shtati hududining katta qismida o‘quv muassasalari yopilgan. Texas rasmiylari uysizlar uchun maxsus boshpana ochish haqida topshiriq berdi.
Izoh (0)