Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 3-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi komplekslari faoliyatini tahlil qilish va yangi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlat rahbarining 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, hukumat apparati qayta shakllantirilgan edi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi hamda Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tashkil etilgandi.

Yig‘ilishda mazkur ikki kompleksning o‘tgan davrdagi faoliyati tahlil qilinib, 2018- yilga mo‘ljallangan rejalari va eng ustuvor vazifalari muhokama etildi.

Prezident kun tartibidagi masalaga tanqidiy yondashib, aksariyat tashkilotlar o‘z faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil eta olmayotgani, qabul qilingan qaror va dasturlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini ta’kidladi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijro organlari ishidagi o‘zgarishlarni joylarda odamlar sezishi kerak. Buning uchun quyi bo‘g‘indagi ishlar samaradorligini oshirish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash barcha rahbar va mutasaddilar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar oldida turgan muhim vazifalari haqida so‘z yuritildi. Amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.

Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, maktab ta’limi sifatini oshirish, test sinovlari va oliy o‘quv yurtlari faoliyatini takomillashtirish, sportchilarning bo‘lg‘usi musobaqalarga tayyorlash borasidagi ishlarga e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jumladan, qat’iy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy budjetlarning daromad bazasini kengaytirish kabi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekiston eng ko‘p qaysi davlatga telefon eksport qilgani ma’lum bo‘ldi
Dunyo
Eron yangi atom elektr stansiyasini qurishni boshladi
Sport
JCH—2022. Fransiya terma jamoasi Polshani yengib, chorak finalga chiqdi